Jahon | 19:16 / 07.09.2022
5008
3 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyadagi shaharda go‘shtni reklama qilish taqiqlandi

Niderlandiyaning Haarlem shahri ma’muriyati dunyoda birinchi bo‘lib barcha jamoat joylarida go‘sht mahsulotlari reklamasini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mahalliy «yashillar» bu iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yordam berishiga ishonishadi.

Foto: Getty Images

DutchNews xabariga ko‘ra, go‘sht reklamasini taqiqlash haqidagi qaror rasman o‘tgan haftada e’lon qilindi va u 2024 yildan kuchga kiradi.

Natijada, 160 ming aholi yashovchi Haarlem go‘sht reklamasini taqiqlagan dunyodagi birinchi shaharga aylandi. Bunga sabab tijorat miqyosidagi chorvachilik issiqxona gazlari chiqindilarida katta ulushga ega ekani ko‘rsatilgan.

Niderlandiyaning boshqa shaharlari — Amsterdam, Haaga va Leyden ham reklamalarni taqiqlash orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashmoqda. Biroq ular hozircha faqat aviaparvozlar, ichki yonilg‘i dvigateliga ega avtomobillar va yoqilg‘i qazib oluvchi kompaniyalar reklamasini taqiqlagan. Hozircha go‘shtga navbat kelmadi.

Go‘sht reklamasini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi mahalliy Yashillar so‘l partiyasi (GroenLinks) tomonidan Haarlem shahri kengashiga taqdim etildi.

«Go‘sht ham atrof-muhitga katta zarar keltiradi. Odamlarga iqlim inqirozini tushuntirish va bir vaqtning o‘zida buning sabablaridan biri bo‘lgan tovarlarni sotib olishga undash mumkin emas», deydi shahar kengashidagi «yashillar» partiyasi vakili Ziggi Klazes.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari fikriga ko‘ra, chorvachilik sohasi hozirda barcha issiqxona gazlarining taxminan 14 foiz ulushiga ega, asosan metan sifatida. Uning asosiy manbayi sigirlar, ikkinchi o‘rinda qo‘ylar.

Ehtimoliy sud da’volari

Haarlemning qarori, kutilganidek, mamlakat go‘sht sanoatiga yoqmadi, u yaqinda «Niderlandiya — go‘sht mamlakati» deb nomlangan reklama kampaniyasini boshlagandi. Ular vatandoshlarini go‘sht iste’mol qilishga undab, uning mazali va foydali, iqtisodiyot uchun daromadli ekanini targ‘ib qilishdi.

«Hukumat odamlarga nima qilish kerakligini o‘rgatish borasida haddidan oshib ketyapti», dedi Niderlandiya go‘sht sanoati markaziy tashkiloti vakili.

Haarlem shahri kengashidagi muxolifat, jumladan «Niderlandiya manfaati» o‘ng partiyasi (BVNL) vakili ham bu qarordan norozi. Uning fikricha, bu tadbirkorlik erkinligi va chorvachilikka zarba beradi.

«Siyosiy sabablarga ko‘ra reklamani taqiqlash — deyarli diktatura», dedi BVNL deputati Joi Rademaker.

Groningen universiteti huquq professori Herman Bryoringning fikriga ko‘ra, Haarlem kengashi qaroridan norozi bo‘lganlar, masalan, savdo kompaniyalari so‘z erkinligi buzilgani uchun sudga da’vo arizasi berishi, bu esa qiziqarli sud jarayoniga olib kelishi mumkin.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Niderlandiya aholisining qariyb 95 foizi go‘sht iste’mol qiladi. Ammo ularning yarmidan ko‘pi go‘shtni har kuni iste’mol qilmaydi.

Mavzuga oid