O‘zbekiston | 10:57 / 15.09.2022
19178
3 daqiqa o‘qiladi

ShHT: Jurnalistlar qanday sharoitda ishlamoqda?

Shu kunlarda Samarqandda ShHT sammiti o‘tkazilyapti va unda 600 nafardan ortiq xorijiy va mahalliy jurnalist qatnashmoqda. Shu raqamning o‘zi anjumanga oid e’lon qilinayotgan materiallar hajmi naqadar ulkanligini ko‘rsatadi.

Jurnalistlar uchun ajratilgan xona

Samarqandga kelishga uzoq tayyorlandik. Ammo yo‘lga chiqishdan oldin shaharda mehmonxona tanqisligi, transport harakati cheklanayotgani haqida eshitib, “buyog‘i qanaqa bo‘larkin” deb o‘ylaganimiz ham rost. Lekin hammasi butunlay boshqacha ekan.

Birinchidan, dastlab Samarqandga avtobusda kelish rejalashtirilgan edi, keyinchalik OAV vakillari uchun alohida "Afrosiyob" poyezdi tashkil qilindi.

Ikkinchidan, ko‘pincha katta xalqaro tadbirlarda hamma mas’ullar chet ellik jurnalistlar bilan ovora bo‘lib, o‘zimiznikilar haqida unutib qo‘yishardi. Lekin bu safar o‘zimizning qorako‘z hamkasblarimiz ham e’tibordan chetda qolishmadi, hammaga teng imkoniyatlar yaratildi.

Uchinchidan, jurnalistlar uchun mehmonxona ham, transport ham, yegulik masalalari ham yaxshi tashkil qilingan.

To‘rtinchidan, hamma matbuot markazlari keragicha kompyuter va yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan. Ochig‘i, noutbuklarimiz hali bunaqa tezlikdagi internetni ko‘rmagan ham edi. Bu tezlikdan hatto O‘zbekiston haqida turli tasavvur bilan kelgan xorijiy jurnalistlar ham hayron bo‘lishyapti. Mana, istasa qilsa bo‘lar ekan-ku.

Va nihoyat, beshinchidan va asosiysi, jurnalistlarning yo‘lini hech kim to‘smayapti. Tekshiruvlar ham oldingidek emas, hamma bizga kulib qaragan, xushmuomala. Bo‘larkan-ku?!

Chetdan qaraganda, bu oddiy narsalar tuyilishi mumkin. Lekin 600 kishiga bir necha kun davomida sharoit qilish, ko‘ngliga qarash, zarur muhit yaratib berish oson emas. Shu jarayonlarning boshida turgan, sharoit yaratayotgan mas’ullarga katta rahmat deyman. Bardavom bo‘lsin!

Yana bir gap. Prezident faoliyatini yorituvchi "pul"dagi hamkasblarimiz bilishadi, har safar oliy darajadagi tadbirlarda telefonimizni olib qo‘yishardi. Biroq bu safar negadir telefonlarga tegishmadi. Hamma xursand!

Abror Zohidov, Kun.uz muxbiri, Samarqand.

Mavzuga oid