YeI Izyumdagi qabrlar haqida: Rossiya urushi qonli iz qoldiryapti
Yevropa ittifoqi, AQSh, shuningdek, inson huquqlari tashkilotlari Izyum yaqinida tinch aholining ommaviy o‘limiga sababchi bo‘lganlarni javobgarlikka tortishga chaqirmoqda.
Yevropa ittifoqi, AQSh, shuningdek, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Rossiya Qurolli kuchlari bosib olganidan so‘ng Ukraina armiyasi tomonidan ozod qilingan Xarkiv oblastining Izyum shahrida ommaviy qabrlar, jumladan, tinch aholi vakillari jasadlari topilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. «Biz bu vahshiyliklarni keskin qoralaymiz», dedi 16 sentabr, juma kuni Bryusselda Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.
Rossiyaning agressiv urushi Ukraina hududida «qonli va halokatli iz qoldiryapti», dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari. «Minglab tinch aholi o‘ldirildi, ko‘plari qiynoqqa solinmoqda, quvg‘in qilinmoqda, jinsiy zo‘ravonlikka uchramoqda, o‘g‘irlab ketilmoqda yoki majburan ko‘chirilmoqda. Xalqaro gumanitar huquq va Jyeneva konvensiyalariga mutlaqo e’tibor bermagan Rossiya kuchlarining bu g‘ayriinsoniy xatti-harakati zudlik bilan to‘xtatilishi kerak», - dedi YeI oliy vakili.
Rossiyaning siyosiy rahbariyati va Ukrainadagi qonunbuzarliklar uchun barcha aybdorlar javobgarlikka tortiladi, deya ma’lum qildi Borrel. Yevropa ittifoqi ushbu maqsadga erishishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, deya qo‘shimcha qildi u.
AQSh ma’muriyati Izyum yaqinida yuzlab yangi noma’lum qabrlar topilganini «dahshatli» deb atadi. «Bu, afsuski, Rossiya kuchlarining Ukraina va ukrain xalqiga qarshi qanday shafqatsizlik bilan urush olib borayotganiga mos keladi», dedi Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.
Amnesty International (AI)’ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Mari Strazers o‘z navbatida «mart oyida AI Rossiyaning keng Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini to‘rtinchi kunidan beri rus qo‘shinlarining shafqatsiz hujumlariga uchragan Izyumdagi tinch aholining taqdiri haqida ogohlantirgan edi». «Ushbu yangiliklar bizning eng dahshatli qo‘rquvimizni tasdiqladi», dedi Strazers.
Huquq faollari xalqaro hamjamiyatni Ukrainaga dalil to‘plash va zarur tekshiruvlar o‘tkazishda yordam berish uchun resurslar ajratishga chaqirdi. «Xalqaro huquqqa muvofiq jinoyat sodir etgan yoki jinoyat sodir etishga buyruq berganlar yodda tutishlari kerakki, bu holatlar bo‘yicha da’vo muddati yo‘q va adolat ta’minlanadi», - deya xulosa qildi Strazers.
Xarkiv oblastidagi Izyum ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritgach, Ukraina rasmiylari yaqin atrofdagi o‘rmonda ommaviy ko‘mish joyidan 440 dan ortiq yangi qabrlar topilganini ma’lum qildi. Ukrainaning bedarak yo‘qolganlar ishi bo‘yicha vakolatli vakili Oleg Kotenko so‘zlariga ko‘ra, qabrlar ko‘plab qurbonlarni dafn qilish uchun shoshilinch ravishda qazilgan, jumladan, 2022 yilning fevral va mart oylarida Rossiya kuchlari tomonidan shahar kuchli o‘qqa tutilganidan keyin amalga oshirilgan.
Xarkiv oblasti prokurori Aleksandr Filchakovning aytishicha, kun davomida 445 nafar tinch aholi vakili qabri va Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari dafn etilgan bitta ommaviy qabr topilgan.
Rossiya hukumati bu xabarlarga hozircha izoh bermadi, Xerson oblastining rossiyaparast «ma’muriyati» Kiyev «provokatsiyasi» haqida e’lon qildi.
Mavzuga oid
19:17
Ozarboyjon samolyoti Rossiya raketasi sababli halokatga uchragan – Euronews
11:34
Qora dengizni qoplagan mazut dog‘ining koinotdan ko‘rinishi - foto
11:27
Rossiyada fuqarolar pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytiriladi
10:30