“O‘rta sinf” - Kun.uz multfilm
Iqtisodiy ma’noda jamiyat sinflarga bo‘linadi: quyi, o‘rta va yuqori. Ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan jamiyatlarda quyi sinfni imkoni boricha o‘rta sinfga o‘tkazishga uriniladi. Chunki o‘rta sinf qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.
O‘RTA SINF – o‘ziga to‘q, yashash uchun barcha sharoitlarini o‘zi uchun yarata oladigan, ko‘p pul topib, ko‘p soliq to‘laydigan iqtisodiy faol guruh.
O‘z-o‘ziga to‘qlik bu sinfga ma’lum sifatlarni beradi: bular o‘zganing mulkiga ko‘z tikmaslikka, majburiyatlarini bajarishga, o‘zi yaxshi ta’lim olib, farzandlariga yaxshi ta’lim berishga, o‘zi yashayotgan zamin uchun qayg‘urishga, ijtimoiy va siyosiy faol bo‘lishga moyil bo‘lishadi.
Ya’ni bu toifa uyi ostonasidan hatlab chiqqanidan keyin: “Buyog‘i mening uyim emas”, demaydigan, balki uyidan tashqarini ham o‘z Vatani hisoblaguvchi sinf.
Boshqacha qilib aytganda, aynan shu guruhi ko‘p va mustahkam bo‘lgan mamlakatlarni biz rivojlangan, kuchli davlatlar deb bilamiz va ularga havas qilamiz. Zotan aynan o‘rta sinfi ko‘p va baquvvat bo‘lgan jamiyatlar davrning har qanday chaqiriqlariga javob bera oladi, istalgan paytda jipslasha oladi, istalgan paytda bor-budini mamlakat uchun safarbar eta oladi.
YuQORI SINF bu – katta boylar: katta biznes vakillari yoki biron-bir yo‘l bilan katta boylik orttirganlar. Bu guruhning soni jamiyatda ko‘p bo‘lmaydi va o‘z mohiyatiga ko‘ra bu sinf boyliklarini tinchroq joylarda saqlashga, o‘zini dunyo fuqarosi deb hisoblashga moyil bo‘lishadi. Hammasi shunaqa demayapman, mohiyat shuni taqozo qiladi deyapman.
Shu sabablar bois bu guruh jamiyatning asosi, tayanchi bo‘lolmaydi.
QUYI SINF esa moddiy qiyinchiliklar girdobiga tushib qolgani, boshi maishiy muammolardan chiqmasligi bois, rizq talabida boshi oqqan tomonga ketishga, bola boqish uchun uzoqlardan baxtini izlashga moyil bo‘ladi. Hammasi shunaqa demayapman, sharoit shuni taqozo qiladi deyapman. Quyi sinf iqtisodiy faol guruh bo‘lmagani uchun, jamiyatga ko‘p foyda keltirolmaydi: ishlab-chiqarish jarayonlarida sub’yekt sifatida qatnashmaydi, ko‘p soliq to‘lolmaydi.
Shu uchun ham har bir sog‘lom jamiyat imkoni boricha ko‘proq oilalarni quyi maqomdan o‘rta sinfga chiqarib olishga zo‘r beradi. Qonunlar, tartiblar, harakatlar, jamiyat ichidaga barcha bahslar-u izlanishlar – hammasi shu guruhning sonini oshirishga qaratiladi. Chunki aynan o‘rta sinf kuchli jamiyatning asosi bo‘lib, u baquvvat bo‘lsa, jamiyat har qanday dovondan oshib o‘ta oladi, har qanday chaqiriqqa javob bera oladi.
Mavzuga oid
12:38 / 20.12.2024
Islomiy moliya – nima u? - Kun.uz'da yangi multfilm
21:23 / 19.09.2024
Multfilm: Vatanga investitsiya bilan qaytgan tadbirkorning sarguzashtlari
09:00 / 20.01.2024
Bolaga berayotgan ovqatimizdan ham muhimroq narsa uning ongiga ta’sir qiluvchi kontentlardir - Sherzodxon Qudratxo‘ja
17:29 / 08.10.2023