O‘zbekiston | 15:03 / 22.09.2022
20082
2 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi 

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sessiyada Toshkent viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Prezident 2021 yil noyabr oyidan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Zoyir Mirzayev nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

Toshkent viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi. 

Sessiya yakunida prezident xalq vakillari tomonidan yuksak ishonch bildirilgan Zoyir Mirzayev endi o‘z faoliyatida adolat, sadoqat, halollik, mas’uliyat, fidoyilik kabi xislatlarni namoyon etib, Toshkent viloyati ahliga astoydil xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.

Bunda, eng avvalo, xalq dardini eshitish va muammolarini hal etish, inson qadrini ulug‘lash va aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishi zarurligi qayd etildi.

2021 yil noyabr oyida Toshkent viloyati hokimligida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Unda 2021 yil yanvaridan buyon Toshkent viloyatiga rahbarlik qilib kelgan Davron Hidoyatov lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga Qashqadaryo viloyatiga rahbarlik qilib kelgan Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Toshkent viloyatida mustaqillik yillarida jami 14 nafar hokim ishlagan va viloyat bu borada respublikada birinchi o‘rinda (bundan keyingi natija Samarqand viloyatiga tegishli - viloyatning hozirgi rahbari Erkin Turdimov 12-rahbar bo‘lib turibdi).

Mavzuga oid