O‘zbekiston | 16:45 / 28.09.2022
12189
3 daqiqa o‘qiladi

Ona va go‘daklar o‘limiga nimalar sabab bo‘lmoqda?

Senat kengashining navbatdagi majlisida ma’lum qilinishicha, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda onalar va go‘daklar o‘limi ancha kamaygan. Ammo ayrim hududlarda raqamlar oshgani ham kuzatilmoqda. Buning sabablari nimada? Reproduktiv salomatlik, ona va bolani muhofaza qilish mavzusida o‘tgan yig‘ilishda muammo, sabab va yechim haqida gaplashildi.  

Foto: AP

Qayd etilishicha, 2021 yilda O‘zbekistonda 7 ming 214 ta holatda go‘daklar o‘limi qayd etilgan. 2020 yilda esa bu raqam 7 ming 54 tani tashkil etib, vafot etishlar soni 160 taga oshgan. Shu yilning 6 oyi davomida esa jami 3 ming 93 nafar go‘dak bu olamni tark etgan.

Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Manzura Salimovaning ta’kidlashicha, bunga ayollar homiladorlik davriga qadar sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagani, istalmagan homiladorlikning oldini olish bo‘yicha xavf guruhidagi ayollar kontratseptiv vositalar bilan ta’minlanmagani, hududlardagi tug‘uruq muassasalarida salohiyatli mutaxassislar yetishmovchiligi, tug‘uruqxonalarda zamonaviy jihozlar yo‘qligi, zarur infratuzilma yaratilmagani sabab bo‘lmoqda.

“Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarida homiladorlik davrida kuzatuvning sifatsizligi tufayli, homiladorlikka mutlaq moneligi bo‘lgan ayollar olamdan o‘tgan.

Onalar o‘limi 2021 yilda avvalgi yilning shu davriga nisbatan 27 taga kamaygan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda, ya’ni Buxoroda 5 taga, Xorazm viloyatida 3 taga, Qashqadaryo viloyatida 1 taga oshgan”, – deydi senator.

Yig‘ilish davomida mana shu muammolarga qator yechimlar ham taklif qilindi.

“Mamlakatimizda tug‘uruqlar soni oshib borayotganligi sababli tug‘uruq muassasalaridagi o‘rin-joylarni sanitariya me’yoriy talablarga mos ravishda ko‘paytirish, tug‘uruqxonalar va skrining muassasalarini salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash, tizimli ravishda ularning malakasini oshirish kerak. Bu borada Rossiya Federatsiyasi mutaxassislarining ilg‘or tajribasi samara bermoqda.

2023-2027-yillarda bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash davlat dasturi doirasidagi tekshiruvlar soni 3 tadan zamonaviy metodikalarni tatbiq qilgan holda rivojlangan davlatlar normalariga bosqichma-bosqicha yetkazilishi kerakligini tavsiya qilgan bo‘lardim”, – deya qayd etadi Manzura Salimova.

Shuningdek, shifokor, hamshira hamda feldsherlarni IT yo‘nalishida qayta tayyorlash kurslarini yo‘lga qo‘yish hamda tug‘uruqqa yordam berish muassasalarida ma’lumotlar bazasi bilan ishlaydigan mutaxassis shtat birliklarini joriy etish, qolaversa, istalmagan homiladorlikning oldini olish, tug‘uruqlar oralig‘ini kamida 3 yilga yetkazish uchun joylarda zarur vositalar ta’minoti to‘liq yaratilishi bo‘yicha ham takliflar berildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda jami 9,1 mln nafar tug‘ish yoshidagi ayollar bor bo‘lib, ularga 227 ta tug‘uruq muassasalari xizmat ko‘rsatadi.

Homilador ayollarning 6,7 mln nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, 2,9 mln nafarida ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Qayd etilishicha, shu ayollarning 2,2 mln nafari sog‘lomlashtirilgan.

Mavzuga oid