Jahon | 21:10 / 13.10.2022
7551
2 daqiqa o‘qiladi

1970 yildan beri yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi deyarli 70 foizga qisqardi

Butunjahon yovvoyi tabiat fondi va London zoologiya jamiyati tadqiqotchilari xulosasiga ko‘ra, o‘rmonlarning kesilishi va atrof-muhitning ifloslanishi tufayli yovvoyi hayvonlarning populyatsiyasi keskin qisqargan.

Foto: AP

Butunjahon yovvoyi tabiat fondi (WWF) va London zoologiya jamiyatining «Tirik sayyora» deb nomlangan qo‘shma hisobotiga ko‘ra, 48 yil davomida (1970 yildan 2018 yilgacha) dunyodagi yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi 69 foizga kamaydi.

Tadqiqot doirasida mutaxassislar 5230 turdagi hayvonlarni tahlil qilib, ularning populyatsiyasidagi o‘zgarishlarni baholadi. Aniqlanishicha, yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi kamayishining asosiy sabablari orasida o‘rmonlarning kesilishi, iste’molning o‘sishi va atrof-muhitni odamlar tomonidan ifloslantirilishi kabi omillar bor.

Yovvoyi hayvonlar populyatsiyasining eng sezilarli qisqarishi Lotin Amerikasida qayd etilgan — 94 foiz. Afrikada yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi 66 foizga, Osiyo — Tinch okeani mintaqasida 55 foizga, Shimoliy Amerikada 20 foizga, Yevropa va Markaziy Osiyoda 18 foizga kamaygan.

«Iqlim inqirozlari va tabiiy ofatlar nafaqat ekologik muammo, balki iqtisodiyot, xavfsizlik va taraqqiyotni og‘ir ahvolga solib qo‘yuvchi ijtimoiy, ma’naviy va axloqiy tahdiddir. Iqlim inqirozlari va tabiiy ofatlar uchun eng kam javobgar bo‘lganlar — aholining zaif qatlamlari, sayyoramizning turli burchaklari va yovvoyi tabiat olami eng ko‘p zarar ko‘rmoqda.

Hozir biz ikki tomonlama inqirozni boshdan kechirmoqdamiz — halokatli tabiiy yo‘qotishlar va sayyoramiz resurslaridan beqaror foydalanish oqibatida yuzaga kelgan iqlim o‘zgarishlari jarayoni», - deyiladi tadqiqotchilar hisobotida.

Dunyo mamlakatlarida zararli chiqindilar miqdorini kamaytirish – vaziyatning keskinlashuvini sekinlashtiradigan chora-tadbirlardan biri sifatida taklif qilinmoqda.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu boradagi davlatlararo kelishuv 5-17 dekabr kunlari Monrealda o‘tkaziladigan BMTning Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyasiga kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid