O‘zbekiston | 13:03 / 28.10.2022
6901
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan uchrashdi

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel 27 oktabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 

Bugun, 28 oktabr kuni tongda oliy martabali mehmon Yangi O‘zbekiston bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. 

«Ko‘ksaroy» qarorgohida Sharl Mishelni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Ular birgalikda suratga tushdi. So‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Tor doiradagi uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatdagi yangilanishlar va islohotlarni, innovatsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamlashtirish sohalarida amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi birgalikdagi ishlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston tomonidan «Markaziy Osiyo - YeI» formatidagi sammitda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash masalasi kelishib olindi.

Prezident matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadovning xabar qilishicha, muzokaralar chog‘ida mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

«Davlatimiz rahbari O‘zbekiston so‘z erkinligini ta’minlash sohasida Yevropa Ittifoqi bilan amalga oshirilayotgan juda yaqin va ochiq hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning natijalarini baholash va ommaviy axborot vositalarini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid