O‘zbekiston | 15:25 / 30.10.2022
26135
4 daqiqa o‘qiladi

2268 metr balandlikdagi dovon yo‘li - “Manzil”da Qamchiqqa sayohat

“Manzil”ning yangi soni O‘zbekistonning eng mashhur dovoni – Qamchiq haqida hikoya qiladi. Strategik ahamiyatga ega, doim gavjum bu joylar sayohat manzilingizga eltuvchi yo‘l bo‘libgina qolmay, balki dovonning o‘zi ham sayohat obekti bo‘la oladi.

Farg‘ona vodiysini respublikaning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi Qamchiq dovoni dengiz sathidan 2268 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, Tyan-Shan tog‘ tizmasining Qurama qismidan o‘tgan. Dovondan qadimdan qatnov bo‘lgan bo‘lsa-da, 1959 yilgacha faqat ot-ulovda harakatlanilgan. Unda ham dovonni asosan yozda oshib o‘tish mumkin bo‘lgan.

1949 yilda boshlangan qurilish 1959 yilga kelib yakunlangan va Qamchiq dovonidan mashinalar harakati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yo‘l respublikaning strategik ahamiyatga ega yo‘li hisoblanadi. Shu bilan birga, eng chiroyli landshaft hosil qilgan yo‘l ham ham shu.

Qamchiq dovoniga o‘z mashinangizda sayohat qilishni reja qilgan bo‘lsangiz yaxshi, agarda mashinangiz yo‘q bo‘lsa yoki mashinasiz borishni reja qilayotgan bo‘lsangiz, sizga bir layfhakni o‘rgatib ketaman. Telegram'dan vodiyning biror viloyati Namangan, Andijon yoki Farg‘ona nomi bilan Toshkentga taksi deb qidiruv bersangiz, ko‘pgina guruhlar chiqib keladi. Siz o‘zingizga yoqqan guruhda o‘sha viloyatga ketishingizni aytib, xabar qoldirasiz. Qarabsizki, haydovchi siz qayerda bo‘lsangiz, o‘sha yerdan Qamchiq dovoniga qadar 90-100 ming so‘m atrofida olib borib qo‘yadi. Biz ham shunday qildik.

Qamchiq dovonidan bir kunda 12-15 minggacha avtomobil harakatlanadi. Ikkita avtomobil tunneli va bitta temiryo‘l tunneli bor. Shu yerda temiryo‘l tunneliga alohida urg‘u berib o‘tmasak bo‘lmaydi. Chunki bu tunnel qurilish murakkabligi nuqtayi nazaridan dunyoda 8, uzunligi bo‘yicha esa 25-o‘rinni egallagan. Tunnel uzunligi 19,2 kmni tashkil etib, 2013 yilda boshlangan qurilish 2016 yilda yakuniga yetkazilgan. Bu tunnelni ko‘rish uchun esa vodiyga poyezdda sayohat qilish kerak.

Qamchiq dovonidagi rastalarda shaharda topish mushkul bo‘lgan ajoyibotlarni uchratish mumkin. Eng qiziq tarafi – har bir rasta uning sotuvchisi nomi bilan nomlanadi. Misol uchun, Lola opa, Shahlo opa, Sevara va shunga o‘xshash ismlar qo‘yilgan.

Dovonda ko‘pchilik o‘sayotganini aytadigan kichik tog‘ni ham ko‘rmasak bo‘lmasdi. Angren daryosi o‘rtasida qaqqayib turgan tog‘chani ko‘pchilik o‘sadi deb taxmin qiladi. Aslida esa unday emas. Daryo o‘zanini o‘zgartirgani sababli toshning atrofini yuvib ketgan. Shu sababdan u xuddi o‘sayotgandek tuyuladi. Lekin unga yaqin kelsangiz, kompleks tog‘ tizmalari kichik bir maket ko‘rinishida o‘rnatib qo‘yilgan dekoratsiyaga o‘xshaydi.

Qisqacha manzara, o‘ziga xos landshaftli yo‘l va dovon taomlari – bularni ko‘rsatuv davomida ko‘rganga yetmaydi. Ko‘rsatuvni “Manzil” kanalida tomosha qiling.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid