O‘zbekiston | 14:50 / 31.10.2022
25875
6 daqiqa o‘qiladi

Oltin izidan: NKMK ishchilari bilan Yer qa’riga sayohat

Konchilik – hamma uchun ham ochiq bo‘lmagan soha. Qaysi ma’nodaki, ish jarayoni juda murakkab va katta ilm talab qilinadi. Yer ostida nima borligini bilmaganimiz kabi, u yerda ishlayotgan insonlar mashaqqati ham bizga qorong‘i. Kun.uz jurnalisti “Zarmitan” konida bo‘lib, oltin qazib olish jarayoni bilan tanishdi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati jahonda oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar o‘ntaligiga kiradi. Kombinat yerosti boyliklari zaxiralarini geologik qidirish, qazib olish va qayta ishlashdan to tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq amalga oshiriladigan sanoat klasteridir.

Kun.uz jamoasi jamiyat tasarrufidagi “Zarmitan” koni ishchisi misolida konchilar hayoti, sohaning biz bilmagan qirralari bilan tanishdi.

2022 yilning avgust oyida “Zarmitan” sanoat maydonida “Skip” va “Klet” harakatlanadigan shaxtaning chuqurligi 1 000 metrga yetdi. Bu hali O‘zbekistonda soha tarixida kuzatilmagan holat.

Nega shaxtaning chuqurligiga e’tibor qaratyapmiz? Chunki yer ostidan turli ma’danlar qazib olinarkan, avvalo bu qatlamga tushishning o‘zi bir mashaqqatli jarayon hisoblanadi. Yer ostida ishlash, nafas olish, harakatlanish uchun sharoit yaratiladi. Umuman olganda, birinchi marta bu holatga guvoh bo‘larkansiz, hayratingizni yashira olmaysiz. Biroq siz bilan maxsus moslama orqali yer qa’riga kirib borayotgan insonlar – konchilar uchun bu hayratli emas. Ular uchun bu mas’uliyat, ehtiyotkorlik va mehnatdir.

“Zarmitan” konida lahim kovlovchi vazifasida ishlab kelayotgan Shavkat Tursunov bilan shaxtaga tushdik. U sohada o‘ttiz yildan ortiq mehnat qildi. Biz ilk bor yer ostiga tushganimiz sabablimi, harakatlanish juda mashaqqatli bo‘ldi. Yerosti yo‘lingiz har doim ham ravon, yorug‘ emas. Oyoq osti ba’zan suv va loy, harakatlanish uchun chaqqon, hushyor bo‘lishingiz lozim. Shavkat aka kabilar uchun bu kundalik ish.

Darvoqe, Shavkat Tursunov NKMKning soha fidoyilari uchun beriladigan uchta ko‘krak nishonni ham olib bo‘lgan. Bu darajaga sohada hamma ham erisha olmaydi. “Do‘stlik ordeni” sohibi. Biroq u lahimchi. Har kuni kamtar bo‘lib ishga keladi, maxsus kiyim-boshni kiyadi va yer ostiga kiradi. Mukofotlar va e’tiroflardan havolanmagan. Shogirdlari, do‘stlari bilan birga.

Biz uning ish jarayonini tasvirga olar ekanmiz, aynan qanday sharoitda qanday vazifani bajarayotganini uyidagilar ham unchalik yaxshi bilmasligini aytib qoldi.

“Ishimiz to‘g‘ri, murakkab va mas’uliyatli. Umrim shu sohada o‘tdi, farzandlarimni o‘qitdim, qizlarimni uzatdim. Kamim yo‘q, kasbga mehr otamdan o‘tgan. Shu tepaliklarda, shaxtalar orasida ulg‘aydim. Ochig‘i, shu paytga qadar ish jarayonim haqida rafiqam ham to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan. Mana, sizlar tasvirga olyapsiz, endi sirlar ochilsa kerak”, — deya kulib qo‘ydi Shavkat Tursunov.

Darhaqiqat, ayrim holatlarni yozib, tasvirlab bo‘lmaydi. Ko‘rish kerak, xolos.

Zamon bilan hamnafas

Biz yerosti ma’danlari kovlab olinganidan keyingi jarayonga ham guvoh bo‘ldik. Shavkat aka kabi ishchilar kuchi bilan Yer yuzasiga chiqarilgan ma’danlar “Zarmitan” konidan unchalik uzoq bo‘lmagan 4-gidrometallurgiya zavodiga olib boriladi. U yerda ham ma’dan to oltinga aylangunga qadar bir nechta bosqichdan o‘tiladi.

Mazkur zavodda maxsus laboratoriya ham mavjud bo‘lib, bu yerda katta tajribaga ega mutaxassislar ma’dan tarkibidagi qimmatbaho mahsulotlar miqdorini aniqlaydi.

4-gidrometallurgiya zavodining ishga tushirilishi haqida so‘z borganda 2010 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, unga qadar “Zarmitan” konidan qazib olingan mahsulotlar katta mablag‘ va mashaqqat evaziga to‘qson km masofaga tashib ketilgan. Zavodning ishga tushishi nafaqat tejamkorlik, balki qo‘shimcha besh yuz ish o‘rni yaratilishiga ham zamin bo‘lgan.

NKMK jahonning yirik kompaniyalari safida

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining dunyodagi oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan ajralib turadigan jihati shundaki, kombinat qazilma boyliklarni geologik qidirish, qazib olish, qayta ishlab, raqobatbardosh va sifatli mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan texnologik zanjirga bog‘langan ulkan sanoat klasteridir.

Kombinat yil sayin ishlab chiqarish quvvatlarini oshirib bormoqda. Keyingi ikki yilda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan 5- va 7-gidrometallurgiya zavodlari ishga tushirildi. Shuningdek, kon-metallurgiya sohasida oltinni qayta ishlaydigan eng yirik korxona - mamlakatimiz faxri bo‘lgan 2-gidrometallurgiya zavodida yiliga 12 mln. tonna ma’danni qayta ishlaydigan “B” korpusi foydalanishga topshirildi.

Bu esa Navoiy kon-metallurgiya kombinatini jahonda oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar o‘rtasidagi o‘rnini yil sayin mustahkamlamoqda.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid