Jahon | 14:02 / 01.11.2022
11638
2 daqiqa o‘qiladi

London: «Kinjal» raketalari Belarusga olib o‘tilgan bo‘lishi mumkin

Britaniya razvedkasining muntazam hisobotiga ko‘ra, Rossiyaning «Kinjal» gipertovushli raketalari Belarus hududiga olib kelingan bo‘lishi mumkin. 

Foto: kremlin.ru

Shu bilan birga, ushbu gipertovushli raketalarning zaxiralari juda cheklanganligi ko‘rsatilgan

Britaniya Mudofaa vazirligi Twitter’da Belarusning Machulishchi aerodromining sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini e’lon qildi, unda «Kinjal» raketalarini olib o‘tishga qodir ikkita MiG-31K qiruvchi samolyoti ko‘rsatilgan.

Bundan oldin AQSh harbiylari NASA’ning Virjiniya shtatidagi parvoz poligonida gipertovushli qurol komponentlarini sinovdan o‘tkazgandi. Uchirish maydonchasidan maxsus raketa uchirildi. Amerikaning CNN telekompaniyasi ma’lum qilishicha, mutaxassislar gipertovushli raketalarning tarkibiy qismlari, jumladan, issiqlikka chidamli materiallar va yuqori texnologiyali elektronika haqida ma’lumotlarni to‘plash uchun 11 xil tajriba o‘tkazdi. 

Xitoy 2021 yilda muvaffaqiyatli gipertovushli parvozlarni e’lon qilganidan keyin va Rossiya Ukrainaga qarshi urushda gipertovushli raketalardan foydalana boshlaganidan so‘ng, Pentagon gipertovushli qurollarni ishlab chiqishni ustuvor vazifa sifatida belgilay boshladi. AQSh Mudofaa vazirligi joriy yilda ikki marta, mart va may oylarida gipertovushli raketalarni sinovdan o‘tkazdi. 

2021 yil oktyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya gipertovushli qurollar yaratish bo‘yicha AQShni ortda qoldirganini aytdi. RF «Tsirkon» va «Kinjal» gipertovushli raketalari bilan qurollangan bo‘lib, ular Rossiya harbiylarining fikriga ko‘ra, 2000 kilometrdan ortiq masofadagi nishonlarni urib, dushmanning havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini yengib o‘tishga qodir. 

Mavzuga oid