Jahon | 08:13 / 07.11.2022
15047
2 daqiqa o‘qiladi

Vitaliy Klichko: Kiyev ehtimoliy blekautga hozirlik ko‘rmoqda

Kiyev meri Vitaliy Klichko rossiyalik harbiylarning harakatlari natijasida Ukraina poytaxtida elektr energiyasi to‘liq o‘chirilishi mumkinligini istisno etmadi. 

Foto: Picture Alliance

«Biz bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani qilyapmiz. Lekin ochig‘ini aytish kerak: dushmanlarimiz shaharni issiqliksiz, elektr va suv ta’minotisiz qoldirmoqchi, umuman, hammamiz o‘lishimiz uchun hamma narsani qilmoqchi», - dedi Klichko milliy telemarafon davomida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev rasmiylari hozir turli ssenariylarni hisoblab chiqmoqda. Ukraina poytaxtida dizel yonilg‘isi, elektr generatorlar, oziq-ovqat va ichimlik suvi zaxirasi yaratildi. 

Bundan tashqari, rasmiylar issiqlik punktlarini tayyorlamoqda, ular shahar bo‘ylab kamida 1000 ta bo‘lishi kerak va qishdagi favqulodda vaziyatlarda ishlashi lozim.

Bundan oldin AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga Rossiya tomonidan unga qarshi boshlangan urushda «qat’iy yordam» berishi va Kiyevni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etishini bildirgandi. 

Jo Baydenning maslahatchisi umumiy qiymati 400 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Paket Chexiyadan 45 ta modernizatsiya qilingan T-72 tanklarini yetkazib berishni o‘z ichiga oladi, buning uchun Qo‘shma Shtatlar to‘laydi - bu tashabbus Niderlandiya bilan birgalikda amalga oshiriladi, ular yana 45 ta tank uchun pul to‘laydi.

Yordam shuningdek, Kiyevga 50 ta M1117 zirhli transportyorlari, 40 ta zirhli qayiqlar, 1100 ta Phoenix Ghost uchuvchisiz uchish apparatlari va Amerikaning MIM-23 HAWK zenit-raketa tizimlarini modernizatsiya qilishdan iborat bo‘lib, ular keyinchalik Ukrainaga berilishi va raketalar hamda kamikadze dronlarini tutib olish uchun ishlatilishi mumkin. 

Mablag‘larning bir qismi Germaniyada Kiyevga harbiy yordam ajratishni muvofiqlashtiruvchi shtab tashkil etishga yo‘naltiriladi, unda, jumladan, kadrlar tayyorlash mo‘ljallangan - qishda YeI 15 minggacha ukrainalik harbiyni tayyorlashni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid