O‘zbekiston | 08:48 / 10.11.2022
4532
4 daqiqa o‘qiladi

Idoraviy qo‘riqlash bo‘linmalari uchun namunaviy nizomlar tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash hamda idoraviy qorovullik bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash — davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning o‘z obektlarini qo‘riqlash bo‘yicha maxsus vazifalarni bajarish uchun yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladigan, xizmat faoliyati qorovullik xizmatini tashkil etish va o‘tash tartibi talablariga muvofiq tashkil etiladigan tarkibiy bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladigan qo‘riqlash faoliyatining turi sanaladi.

Idoraviy qorovullik — davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, tadbirkorlik sub’yektlarining o‘z obektlarini qo‘riqlash uchun yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladigan tarkibiy bo‘linmasi tomonidan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklatilgan alohida xodimi tomonidan amalga oshiriladigan qo‘riqlash faoliyatining turi.

Hujjat bilan idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari to‘g‘risida namunaviy nizom tasdiqlanmoqda. Unga ko‘ra, quyidagi shaxslar ishga (xizmatga) qabul qilinmaydi:

  • qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
  • jinoiy jazoni o‘tayotgan shaxslar;
  • mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun 1 yil ichida takroran ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar;
  • ruhiy kasalliklari bo‘lgan, narkologik kasalliklarga chalingan, shuningdek sog‘lig‘ining holatiga nisbatan belgilangan talablarga javob bermaydigan shaxslar;
  • sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
  • umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar;
  • chet el fuqarolari bo‘lgan shaxslar.

O‘z vazifalarini bajarish jarayonida xodimlar quyidagi vakolatlarga ega:

  • qo‘riqlanadigan obektga kelgan yoki uning hududida bo‘lgan shaxslardan obektning ichki rejimiga, shu jumladan jamoat tartibiga rioya etilishini talab qilish;
  • obektga taqiqlangan buyumlarni olib kirish yoki obektdan qonunga xilof tarzda mol-mulkni olib chiqishga urinish chog‘ida shaxslarni ushlash;
  • obekt hududiga kirib-chiqish (shu jumladan transport vositalarida) huquqini beruvchi hujjatlarni tekshirish;
  • obekt hududida va patrullik yo‘nalishida aniqlangan huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish, jinoyat izlarini saqlash maqsadida fuqarolardan hodisa joyini tark etishni talab etish;
  • huquqbuzarlar va hududga noqonuniy kirgan shaxslarni qo‘riqlash bo‘linmasining xizmat xonasiga olib kelish;
  • muomalada bo‘lishi cheklangan yoki hududga olib kirishga taqiqlangan moddalar bor deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lganda fuqarolarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek ularning ashyolarini, qo‘l yukini, bagajini ko‘zdan kechirish;  ularni olib yurish uchun fuqarolarda vakolat bo‘lmagan taqdirda ularni olib qo‘yish;
  • xizmat quroli va maxsus vositalarni olib yurish, zarurat tug‘ilganda jismoniy kuch ishlatish.

Hujjat bilan idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash hamda idoraviy qorovullik bo‘linmalarida ishlashga to‘sqinlik qiladigan  96 nomdagi kasallik va nuqsonlar (yurak ishemik kasalligi, asab kasalliklari, nutqning buzilishi va boshqalar) tasdiqlanmoqda.

Mavzuga oid