Jahon | 17:22 / 11.11.2022
10272
2 daqiqa o‘qiladi

RF mudofaa vazirligi qo‘shinlar Xersondan to‘liq chekinganini ma’lum qildi

Rossiya qo‘shinlarini Xersondan Dneprning chap sohiliga olib o‘tish jarayoni 11 noyabr kuni ertalabki soat 5:00 da yakunlandi. Bu haqda brifing chog‘ida RF mudofaa vazirligi e’lon qildi.

Foto: Sergey Malgavko / TASS

«O‘ng sohilda birorta harbiy texnika va qurol qolmadi. Barcha rossiyalik harbiy xizmatchilar Dneprning chap sohiliga olib o‘tildi. Rossiya qurolli kuchlari tuzilmalari va harbiy qismlari oldindan tayyorlangan mudofaa chiziqlari va pozitsiyalarini egalladi.

Rossiya qo‘shinlari guruhining shaxsiy tarkib, qurol-yarog‘, harbiy texnikalar va moddiy vositalarida yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmadi», deyilgan vazirlik xabarida.

RF mudofaa vazirligining Ukraina janubidagi vaziyat aks etgan xaritasida Xerson Ukraina nazoratiga qaytgani aks etgan

RF mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, tunda rossiyaliklarning chekinishi chog‘ida Ukraina qurolli kuchlari «tinch aholi va qo‘shinlarni Dneprning chap sohiliga olib o‘tish jarayonini barbod qilishga uringan». Xususan, daryoni kechib o‘tish joyiga HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimining beshta snaryadi kelib tushgan.

  • 9 noyabr kuni RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari qo‘mondoni general Sergey Surovikinning taklifiga rozilik bergan holda, Xersondagi qo‘shinlarni Dneprning o‘ng sohiliga olib o‘tishni buyurgandi. Bu qaror shaharning to‘laqonli ta’minoti imkonsizligi va rossiyalik harbiylar hayotini saqlab qolish zarurati bilan izohlandi. Xerson Rossiya armiyasining Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon egallab olingan yagona oblast markazi bo‘lib turgandi.

Mavzuga oid