O‘zbekiston | 20:24 / 16.11.2022
48368
8 daqiqa o‘qiladi

“Narxni oshirmaganmiz, aslida pasaytirganmiz” - UzAuto rasmiysi bilan suhbat

“O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, necha yildan beri narxni oshirmadik. Dollar kursini hisoblang, matematikani ishga solib ko‘ring. Siz bilasizki, biz narxni oshirmaganmiz, aslida pasaytirganmiz”, – dedi “O‘zavtosanoat” rasmiysi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. U muxbirning aynan narxlar masalasidagi bir nechta savollariga javob berdi.

“O‘zavtosanoat” savdoni rivojlantirish va marketing boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Behzod Xoliqov Kun.uz bilan suhbatda Onix'ning avval e’lon qilingan narxlaridan qimmat sotilayotgani, uzun navbatlar va kelgusida budjet avtomobillar ishlab chiqarish rejasi bor-yo‘qligi haqidagi savollarga javob berdi.

Uzun navbatlar yuzaga kelishiga qaysi omillar ta’sir o‘tkazmoqda?

— Navbatlar tez orada yo‘qoladi. Mana shu oylarda tizim qotib qolganligi uchun shartnomalar 2-3 ta bo‘lib ketgan bo‘lishi mumkin. Shu sabab yetkazib berish muddati iyul, avgust, sentabrga ham o‘tib ketdi. Masalan, bitta odam 3ta mashinaga pul to‘lagan bo‘lsa, avtomatik ikkitasi bekor qilinadi. Shu jihatdan avtomobil yetkazib berish muddati 2-3 oygacha qisqarib boraveradi.

Bundan tashqari, butlovchi qismlarning yetib kelishi keyingi yilning birinchi choragidan boshlab ko‘payishiga umid qilyapmiz. Shuning hisobiga ishlab chiqarishimiz ham tezlashib ketadi. O‘ylaymanki, tez orada kutish muddatlari kamayib ketadi.

Nima uchun 9-12 ming dollar atrofida sotilishi aytilgan Chevrolet Onix ancha qimmat narxlarda sotuvga chiqarildi?

— Narxlar o‘tgan yili e’lon qilingandi. O‘sha paytdagi rejalar ham shunday edi. Hozirgi geosiyosiy vaziyat tufayli juda ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Butlovchi qismlar dunyoning turli qismlaridan yetkazib beriladi. Xususan, Rossiya orqali kelishi kerak bo‘lgan yo‘nalishlar ham o‘zgardi. Bizning hisob-kitoblarimiz bo‘yicha, logistik xarajatlar 385 foizga yoki qariyb 4 barobarga oshdi.

Tayvandagi mikrochiplar ishlab chiqaruvchi zavodda ham yong‘in yuzaga keldi. Bu zavod dunyo bo‘ylab 20 foiz chiplar ta’minotini amalga oshirgan. Hozirda tiklash ishlari olib borilmoqda. Xullas, shu kabi ko‘plab muammolar bor. Narxlar oshib ketgan. Shuning hisobiga, oldin aytilgan narxlardan Onix'ni qimmatroq sotishga majbur bo‘lyapmiz.

— “O‘zavtosanoat”ning yaqin kelajakdagi rejalaridan budjet avtomobillar ham ishlab chiqarish o‘rin olganmi?

— Albatta. Narxlarni hozir e’lon qilish xato ekanini Onix misolida ko‘rdik, buni aytmaganim ma’qul. Lekin biz har doim budjet avtomobillar ishlab chiqarishni reja qilishdan to‘xtamaganmiz. Onix ham o‘zi shunaqa bo‘lishi kerak edi. Keyingi yil yoki 2024–2025-yillargacha har yili xudo xohlasa yangi budjet modellar ishlab chiqarishni boshlashga harakat qilamiz.

Hali ommaviy e’lon qilinmagan bo‘lsa ham, rejalarimiz bor. Biz xaridorlarni o‘ylaymiz. Budjet mashina albatta bo‘lishi shart.

Lekin bitta narsani ta’kidlab o‘tishim kerak, budjet mashinalar ishlab chiqarish faqat O‘zbekistonda bo‘lsa kerak. Yangi mashinalarni nazarda tutyapman. Agar chet elni o‘rganib chiqsangiz, xuddi shu mashinalar deyarli ikki barobar qimmat.

— Aynan qaysi rusumdagi mashinalar O‘zbekistonga nisbatan xorijiy mamlakatlarda ikki barobar qimmat? Malibu-2'ning Koreyadagi narxi haqida ma’lumot chiqardik, 21-22 ming dollar atrofida sotilayotgan ekan.

— Bu noto‘g‘ri narx. Bu bo‘yicha izoh ham berdik. Saytda ko‘rsatilgan narxda marketing hiylasi qo‘llangan: xaridor avtomobilni sotib olayotganda to‘laydigan to‘lovlar hisobga olinmagan. Saytda 22 ming dollar deb ko‘rsatilgan, lekin xarid qilishni boshlasangiz, bilmadim, 33-35 mingga aylanib ketadi. Biz bu narsani o‘rganib ham ko‘rdik, javob ham berdik.

Kia Picanto

Deylik, Spark'ning konkurenti Kia Picanto bor. Afrika mamlakatlarida 18-20 ming dollar atrofida sotilsa kerak. Spark O‘zbekistonda qancha-yu, chet eldagi narxlarni ko‘ring. Onix ham Braziliyada qimmatroq, komplektatsiyasi bizdagidan pastroq.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, necha yildan beri narxni oshirmadik. Dollar kursini hisoblang, matematikani ishga solib ko‘ring. Siz bilasizki, biz narxni oshirmaganmiz, aslida pasaytirganmiz.

UzAuto Motors ishlab chiqarayotgan mashinalar o‘zining tannarxini qoplamayaptimi? Kompaniya bayonotida qimmatbaho avtomobillarni sotishdan olingan daromad arzonroq modellarni ishlab chiqarish xarajatlarini qisman qoplash uchun ishlatilishi aytilgandi.

— Shunaqa. Chunki ular deyarli o‘zining narxida sotilmoqda. Budjet mashina bo‘lganidan keyin, narxi oshib ham ketmasligi kerak-da, toki odamlarning oddiyroq mashinalarni haydab yurishga puli yetishi uchun, to‘g‘rimi?

Biz bilyapmizki, komplektatsiya qo‘shilmagan, o‘zi eski mashina – bularni yangilash kerak. 1-2 yilda Lacetti'ni ham konveyerdan olib tashlaymiz, chunki bular eskirishni boshlagan. Ma’nan eskirgan. Uning o‘rniga mana Onix va Tracker'lar kirib keldi. Shu hisobdan qilinmoqda.

***

Behzod Xoliqov shu kuni “O‘zavtosanoat” binosiga yig‘ilgan norozi xaridorlar bilan ham suhbatlashdi. Shartnomada ko‘rsatilgan muddat allaqachon tugagan bo‘lsa-da, avtomobilini ololmayotgan, navbatlar uzunligidan hafsalasi pir bo‘lgan va kompaniyaning “marketing hiylasi” qurboniga aylangan xaridorlar UzAuto ofisiga borib, kompaniya rasmiylaridan izoh talab qilishdi.

“UzAuto Motors kompaniyasiga mening ham e’tirozlarim bor. Bundan 5 oy oldin, avtomobil xarid qilish uchun to‘lov qilganman. Bu muddat o‘tib ketdi. Lekin avtomobilni haliyam qo‘limga berishmayapti. Ikkinchi to‘lovini qilishga ham tayyorman. Bular o‘z talablarini qo‘yib, avtomobil olish muddatini yana 3 oyga cho‘zishmoqda. Menga aniq tushuntirish bera olishmadi. Shartnoma bo‘yicha 5 oyda olishim kerak edi, muddat tugadi”, deydi iste’molchilardan biri.

Yana bir xaridor 27 yildan beri ishlayotgan kompaniyaning pulini oldindan olib, 13 oydan keyin avtomobil yetkazib berishni iddao qilishi ajablanarli holat ekaniga urg‘u berdi.

“Biz shartnoma qildik va to‘lovni amalga oshirdik. Avtosalonda 13 oydan keyin avtomashina yetkazib berilishini aytishdi. Bundan xafa bo‘ldik.

Bu zavod 27 yildan beri ishlayapti, lekin mashinaning pulini to‘lab yana 13 oy kutishingiz kerak. Hammamiz hayron bo‘lib ketyapmiz. Fuqarolar nomidan murojaat qilyapman. Iltimos, jim turmanglar. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va Insonlar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga, prokuraturaga yozinglar. Jim o‘tirsangiz, hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmaydi”, deydi u.

UzAuto Motors yoz oylarining boshlarida Nexia avtomobilini yaqin kunlar ichida, Cobalt avtomobilini keyingi oyda olish mumkinligini “alohida ta’kidlab”, o‘z rasmiy sahifasiga ma’lumot joylashtirgan (mazkur xabar hozirda o‘chirib tashlangan).

Kompaniyaning “marketing hiylasi” qurboniga aylangan xaridor esa Cobalt sotib olish uchun shartnoma imzolaydi, ammo unga avtomobil 5 oydan beri yetkazib berilmagan.

Xaridor kompaniyani feyk xabar tarqatganlikda aybladi. Matbuot xizmati vakili esa buni rad etib, kompaniya o‘z e’lonida aniq yetkazib berish majburiyatini olmagani, faqatgina “yetkazib berilishi mumkin”ligi yozilganini iddao qildi.

Mavzuga oid