Jamiyat | 18:07 / 09.12.2024
3443
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda Lacetti yonib ketdi

Andijon viloyati IIBB YHXBga ko‘ra, yong‘in elektr sim o‘tkazgichlarida chiqqan qisqa tutashuv oqibatida yuz bergan.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Andijon viloyati IIB YHXB Andijon shahrida Lacetti rusumli transport vositasi yonib ketgani to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 9 dekabr kuni soat 16:00 larda Andijon shahar Sanoat mahallasida yashovchi 52 yoshli Z.X. o‘zining boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashinasida Paxtaobod mahallasi hududidan o‘tgan A.Yo‘ldoshev ko‘chasida harakatlanib ketayotganida transport vositasining old qismida elektr sim o‘tkazgichlaridan chiqqan qisqa tutashuv tufayli yong‘in sodir bo‘lgan.

Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida ushbu yong‘in shahar FVB xodimlari tomonidan to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida transport vositasi moddiy zararlangan, tan jarohati olgan shaxslar mavjud emas.

Mazkur holat yuzasidan, hozirda shahar FVBning mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda beton bordyurga borib urilgan Matiz yonib ketgani, shuningdek, Namanganda JAC pikapida yong‘in chiqqani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid