Jamiyat | 15:00 / 19.11.2022
42265
6 daqiqa o‘qiladi

Ayolga zo‘ravonlik haqiqiy erkakning ishi emas. Ahvolimiz haqida boricha

Kunda-kunora ayollarga nisbatan zo‘ravonliklarni eshityapmiz. Bu shunchaki so‘kish, urish, pulsiz qoldirish tarzidagi zo‘ravonlik emas, bu inson hayotiga nuqta qo‘yish – o‘ldirish, bolalarni yetim qilish. Ayollar haqida ayollar podkastida ayanchli muammo oqibatlari va yechimlari muhokama qilindi.

Nigora Adizova, “Sukut saqlama” (Nemolchi.uz) loyihasi mutaxassisi:

— Loyihamizga besh yil ichida besh mingdan ortiq anonim murojaatlar yo‘llangan. Bizda er-xotin muammosiga bu uyda hal qilinadigan masala deb qaraladi. Ayollar zo‘ravonlikka uchraganda kimga yoki qayerga murojaat qilishni bilishmaydi. Uchastka noziriga borsa, u erkak kishi va bu vaziyatga aralashmaslikni ma’qul ko‘radi. Nozir uni himoya qilmagandan keyin ayol boshqalarga murojaat qilishi befoyda deb o‘ylaydi.

Birinchi navbatda uchastka nozirlari, xotin-qizlar bilan ishlaydigan nozirlarning ishlash tizimini o‘zgartirishimiz kerak.

Bizda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmi yo‘q. Kaltaklangan, qochishga joy, najot izlayotgan ayol “102”ga murojaat qilganda uning uy manzili, shaxsi haqida ma’lumotlar so‘raladi. Murojaatchining kimligi qanday ahamiyatga ega bu yerda? Manzilni aniqlash tizimi orqali murojaat yo‘llangan joyni aniqlash mumkin-ku!

Eng yomoni bu holatlar maishiy nizo deb niqoblanyapti. Bu maishiy nizo emas, chunki odam o‘ldirish, qotillikka yetaklayapti.

Lola Saidova, yuridik fanlari doktori, professor, xalqaro ekspert:

— Himoya orderlarida katta kamchiliklar bor. Order berilgan taqdirdayam, baribir ayol jabr ko‘ryapti: hech bo‘lmaganda atrofdagilar, jamoatchilik uni ayblab chiqadi. Fransiya tajribasida himoya orderi berilganda ayol uyda qoladi, erkak majburan uydan chiqariladi va ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi. Zo‘ravonlik qilgan odamning psixikasi joyida emas deb hisoblanadi, chunki ruhan sog‘lom odamda zo‘ravonlikka moyillik bo‘lmaydi. Jarima bilan birga, u bilan ishlash bo‘yicha barcha xarajatlar ham erkakdan undiriladi.

Zo‘ravonlikning har bir yo‘nalishiga alohida javobgarlik belgilash kerak. Sud statistikasi yuritilishi, jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi kerak.

300 nafar ayol inspektorlarni o‘qitdik, lekin 17,5 mln aholisi ayol bo‘lgan mamlakatda bu juda kam son. Respublikamizda 217ta reabilitatsiya markazlari bor edi. Afsuski, nima uchundir ularni kamaytirib, 29 taga tushirdik, nega? Bu bilan go‘yoki bizda hammasi yaxshi ekanini, reabilitatsiya markazlariga ehtiyoj kamligini ko‘rsatmoqchi bo‘lyapmizmi?

Gender tenglik bilan feminizmni aralashtirmaslik kerak. Gender tenglik faqat ayollar huquqlari degani emas, bu erkakning gardaniga hamma narsani yuklamaslik, uni doimiy ravishda bosimda yashashiga yo‘l qo‘ymaslik degani. Bolaligidan “uy qilasan, to‘y qilishing kerak” degan bosim ostida yashab yuragi dosh berolmay o‘lib ketayotgan erkaklarimiz bor. Buniyam o‘ylash vaqti keldi. Gender tenglik aslida erkaklar uchun ham foydali.

Barnogul Sanaqulova, iqtisod fanlari doktori, professor:

— Bir oyda O‘zbekistonda 7ta ayolni o‘ldirib yuborishyapti. Bu o‘sha ayol o‘ldirilgan oilaning muammosi emas. Aslida bir ko‘chada bir ayol o‘ldirilgan va bunga hech kim qat’iy chora ko‘rmayotgan, normal qabul qilayotgan bo‘lsa, bu ko‘chaning, shu hududning, o‘sha jamiyatning o‘zi zo‘ravonlarga to‘la ekanidan dalolat. Bu aslida hukumatga juda yomon signal bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, oxirgi 3 yil ichida bu borada ko‘plab qonun-qarorlar qabul qilindi, lekin buni ishlatish kerak.

Zo‘ravonlikka duch kelganda ayol qanday yo‘l tutishi kerakligi haqida aniq yo‘riqnoma bo‘lishi kerak va buni har bir ayol bilishi kerak. Mas’ul tashkilotlar shu tizimni yaratib berishi zarur. Shuncha ayol o‘ldirilyapti, lekin hamma tashkilotlar jim. Boshqa mamlakatda shu ish sodir bo‘lganda qo‘mita raisi iste’fo berardi, bo‘lmasa xalq yo‘l qo‘ymasdi boshqa ishlashiga.

Quyi Chirchiqda ayol bir kun oldin bolalarning oldida bemalol kaltaklanyapti, ertasiga uyiga kirib borib o‘ldirilyapti. O‘sha holatdan keyin tizimdagi qaysi mutasaddilarga chora ko‘rilgani, nima jazo qo‘llangani, umuman o‘sha mahalladan nima ish qilingani haqida biror ma’lumot berilmadi. Rasmiylar tomonidan maxsus guruh tashkil qilinishi va ular borib o‘sha mahalla bilan ishlashi, psixologlar qotilning psixikasini o‘rganishi, unda qachon va nima sababdan bunday xarakter shakllanganini o‘rganishi kerak edi. Bu keyingi qotilliklarning oldini olish uchun xizmat qilardi. Qotillikka, zo‘ravonlikka jim qarab turilmasligini anglatardi. Ayolning yetim qolgan ikkita bolasining taqdiri nima bo‘ladi, ular bilan kim shug‘ullanyapti? Bu bolalarda qolgan ruhiy jarohatlar ularga qanday ta’sir qiladi?

Bugun xotin-qizlar masalalariga mas’ul tashkilotlarning ishlamayotganligi ertaga davlatga juda qimmatga tushadi. Zudlik bilan bu muammo hal qilinmasa ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy tomondan ham jamiyat, davlat, xalq tanazzulga uchraydi.

Suhbatning to‘liq shaklini ushbu havolada ko‘rish mumkin.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid