O‘zbekiston | 11:51 / 22.11.2022
11141
4 daqiqa o‘qiladi

“Bitta vazirlik hamma vazirlik ustidan qo‘riqchi bo‘lib turgani bilan ish bitmaydi” - Timur Ishmetov vazirliklar budjet mablag‘larini maqsadsiz sarflashi haqida 

Moliya vaziri yaqin kelajakda Moliya vazirligining nazorat funksiyasi vazirliklar ichki audit boshqarmalariga o‘tkazilishini ma’lum qildi. Deputat Alisher Hamroyev vazirliklarning ichki audit boshqarmasi ularga bo‘ysunishini, qonunbuzilishlar yashirilishi mumkinligini aytdi. Ishmetov deputatlarni budjet mablag‘lari nazorati borasida takliflarni ko‘rib chiqish uchun suhbatga taklif qildi.  

Foto: Senat matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida moliya vaziri Timur Ishmetov vazirliklar budjet mablag‘larini noqonuniy sarflashiga oid savolga javob berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilning 9 oyida xalq ta’limi tizimida 47 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlashda 30 mlrd so‘m, maktabgacha ta’lim tizimida 7 mlrd so‘m, Madaniyat vazirligida 5,5 mlrd so‘mga yaqin qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bundan tashqari,  bajarilmagan ishlarni «bajarildi» qilib ko‘rsatish, budjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobidan o‘rnatilmagan uskunalarni «o‘rnatildi» deb rasmiylashtirish hisobiga 100 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilish holatlari va umuman 139 mlrd so‘m budjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.  

Deputatlar vazirdan bu borada Moliya vazirligi qanday choralar ko‘rayotganini so‘radi.  

Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, Moliya vazirligi va vazirliklarning ichki audit xizmatlari bilan birga o‘rganishlarni o‘tkazish tartibi o‘rnatilgan. 

“Kelajakda Moliya vazirligi nazorat funksiyasining bir qismini vazirliklarning ichki auditiga, yana bir qismini tashqi audit – Hisob palatasiga o‘tkazamiz. 

Vazirliklar tomonidan noto‘g‘ri qilinishi, menimcha, buni hadeb Moliya vazirligidan so‘rash ham... albatta ko‘rib turibmiz, bu raqamlarni Moliya vazirligi topib beryapti. Lekin ko‘proq talab o‘sha vazirliklarga bo‘lishi kerak. Eng ko‘p masalalar, budjetdan mablag‘ ajratiladigan yo‘nalish oyliklar bo‘lgani uchun eng katta kamchilik ham, pulni ko‘proq olishni ham shu yo‘nalishda ko‘ramiz.  Xususan, 2023 yil budjetiga ham, tegishli oylikka bo‘lgan xarajatlar taqdim etilgan ma’lumotlar tekshirib tasdiqlab bo‘linganidan keyin ham,  1 chorak davomida Moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan bittalab tekshirilib tuzattirish kiritiladi”, – dedi u.  

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu borada ko‘proq vazirliklarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha o‘ylash kerak. 

“Bitta vazirlik hamma vazirlikning ustidan qo‘riqchi bo‘lib turgani bilan ish bitmaydi. Budjet mablag‘larini samarali sarflash har bir vazirlik zimmasiga yuklatilgan”, – dedi Ishmetov.  

Deputat Alisher Hamroyev esa ichki audit tizimi o‘sha tashkilotga bo‘ysunishini aytdi. 

“Ularda qonunbuzilish holatini yashirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Endi Moliya vazirligi nazoratni ularga yuklamoqchi, to‘g‘ri Hisob palatasi ham bor. Inson omilini yo‘qotadigan elektron nazorat yuritish haqida o‘ylanmayaptimi?” – dedi u.

Moliya vaziri ichki audit borasida ko‘p savollar bo‘lishini ta’kidlarkan, bunga oid katta rejalar borligini, afsuski, bu bir necha yillik jarayon ekanini aytdi. 

“Barcha deputatlarni suhbatga taklif qilsak, bu borada rejalarimiz bor, takliflarni olishga tayyormiz”, – dedi u.

Mavzuga oid