Jahon | 21:32 / 07.12.2022
4979
1 daqiqa o‘qiladi

Xitoy norozilik namoyishlari ortidan kovid cheklovlarini yumshatdi 

Xitoy keng miqyosli norozilik namoyishlari ortidan koronavirusga qarshi cheklovlarni yumshatmoqda. 

Foto: Bloomberg

Jumladan, 7 dekabrdan boshlab koronavirus aniqlangan fuqarolarga maxsus lagerlarda emas, balki uyda karantinda o‘tirishga ruxsat berildi. Shuningdek, ko‘plab jamoat joylariga kirish uchun koronavirus testini topshirish talabi olib tashlandi. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlariga turar joy majmualarini yuqori xavfli obektlar sifatida tasniflab, karantinga yopish taqiqlandi. Yangi chora-tadbirlar doirasida keksa odamlarni emlash tezlashtiriladigan bo‘ldi. 

2022 yil noyabr oyida Xitoyning bir qator shaharlarida, jumladan Pekin va Shanxayda kovid cheklovlariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar koronavirus cheklovlarini yumshatishni, ba’zilari Xitoy raisi Si Jinping iste’fosini ham talab qilishgan edi. 

Xitoy rahbari Si Jinping Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel bilan uchrashuvda mamlakatdagi namoyishlar ortida «hafsalasi pir bo‘lgan talabalar» turganini aytgan edi. 

Mavzuga oid