O‘zbekiston | 08:40 / 14.12.2022
22261
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek “alkimyogar”larining noyob ixtirosi

Sayyoramizda ilm-fan rivojlanib, texnologiyalar takomillashib boryapti. Sohalar, jumladan, kon-metallurgiya sanoati ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati olim va mutaxassislari ilmiy va amaliy salohiyatining yorqin namunasi bo‘lgan ixtiro va texnologiyalar dunyo oltintoparlarini hayratga solyapti.

Xususan, ulkan korxona mutaxassis va olimlari tomonidan yaratilgan hamda 2019 yilda amaliyotda qo‘llanib, xalqaro miqyosda patentlangan, murakkab tarkibli va qayta ishlash qiyin bo‘lgan ma’dandan oltin ajratib olishga mo‘ljallangan ixtiro dunyo kon-metallurgiya sanoatida muhim yangilik bo‘ldi. Kombinat “alkimyogarlari”ning bu yangi texnologiyani qo‘llashi asosida gidrometallurgiya zavodida hozirda yiliga chiqindilardan qo‘shimcha 1,5 tonna oltin olinmoqda.

Uchquduqda bunyod etilgan gidrometallurgiya zavodida sulfidli ma’danlarni qayta ishlash texnologiyasi amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu texnologiya tabiatdagi bakteriyalar hisobiga oksidlash jarayonini qamrab olgan. Hozirda mazkur zavod biooksidlash texnologiyasi asosida oltin ajratib olinayotgan korxonalar orasida ishlab chiqarish quvvati bo‘yicha dunyodagi 18ta zavodning eng yirigi hisoblanadi.

Sulfidli ma’danlar murakkab tarkibli va ishlanishi qiyin ma’danlar hisoblanadi. Shuning uchun ham gidrometallurgiya zavodidan chiqayotgan ma’dan chiqindilari tarkibida ma’lum miqdorda oltin qoladi. Bu, dunyodagi shu turdagi ma’danlarni qayta ishlaydigan barcha gidrometallurgiya zavodlariga xos muammodir. Ya’ni qog‘ozga o‘ralgan shirinlik kabi qimmatbaho metall ustini uglerod yoki oltingugurt o‘rab turadi. Go‘yoki “yong‘oqni chaqib”, mag‘zini olish kerak. Ana shu jarayonda hamma “yong‘oq” ham chaqilavermaydi. Kombinat olimlari yaratgan texnologiya ana shu “chaqilmay qolgan yong‘oqlarni chaqishga” ixtisoslashgan. Bu jarayon filtrlash, quritish va kuydirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. 

“Zavodimiz dunyodagi eng ilg‘or texnologiyalar ishlatiladigan zavodlar toifasiga kiradi. Filtrlash, quritish va kuydirish sexi kombinat mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyalar asosida qurilgan. Ushbu texnologiya murakkab tarkibli ma’dandan oltinni yuqori samaradorlikda ajratib olishga mo‘ljallangan. Bu texnologiyani yaratish borasidagi birinchi qadam 2009 yilda tashlangan bo‘lib, 10 yil davomida zavodimiz laboratoriyasida ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan. Ushbu ilmiy-tadqiqotlar natijalari yangi texnologiya sifatida Intellektual mulk agentligida patentlangan. Bu dunyo miqyosida ahamiyatga ega bo‘lgan ixtiro bo‘ldi. Boshqa davlatlardan kombinatimizga ushbu patent asosida birgalikda ish olib borish takliflari tusha boshladi. Ixtiro ayniqsa germaniyalik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Natijada Germaniya kompaniyasi hamda kombinatimiz muxaxassislari hamkorlikda bizning patentlangan texnologiyani ishlab chiqarishga joriy qilish uchun texnologik uskunaga nemis patenti hamkorlikda olindi. Bu texnologiya ekologik toza hisoblanadi”, — deydi gidrometallurgiya zavodi bosh muhandisi o‘rinbosari Shahobiddin Ahmedov.

Qisqa fursatda qurib bitkazilgan majmua murakkab tarkibli ma’danlarni qayta ishlash imkoniyatini yanada oshirdi. 

“Boshlanishida bu ishimizga nafaqat chet elliklar, balki soha mutaxassislari ham biroz ishonchsizlik bilan qarashdi. Chunki bu ishimiz yangi nazariyaga asoslangan va buning natijasida zamondan ancha oldinga o‘tib ketgan ish edi. Bizning bu ishimiz sohaning taniqli olimi va amaliyotchisi, professor Quvondiq Sanaqulov boshchiligida ko‘p yillik mashaqqatli izlanishlarning natijalariga, aniq isbot va dalillarga asoslangan. 2009-2019 yillar mobaynida shu mavzuda 3 mingdan ortiq turli xil tajribalar o‘tkazganmiz. Shuning uchun ham orqaga chekinmadik, ishni oxiriga yetkazdik. Avvaliga O‘zbekistonda, keyin esa Germaniyada patent oldik. Ishimiz bo‘yicha Qozog‘iston, Rossiya va Germaniyada o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda ma’ruza qilganmiz va 1-darajali diplomlar bilan qaytganmiz. Bu patentlar ishlab chiqarishga joriy qilingani natijasida kombinatimiz har yili chiqindidan qo‘shimcha 1,5 tonna oltin olmoqda”, - deydi “NKMK” AJ boshqarmasi texnologik bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, texnika fanlari doktori Ulug‘bek Ergashev.  

Ushbu ixtiro murakkab tarkibli ma’danlarni qayta ishlashda yangi va noyob texnologiya hisoblanadi. Ixtiro O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoati tarixida birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi Jahon intellektual mulk tashkilotining oltin medaliga loyiq ko‘rilgan. Dastlabki loyihada ixtiro asosida qurilgan majmuada oltinni chiqindidan ajratib olish darajasi 62 foiz deb belgilangan edi. Gidrometallurgiya zavodi bosh muhandisi o‘rinbosari Avaz Kolonovning ta’kidlashicha, hozirda bu ko‘rsatkich 76 foizga yetkazilgan:

“Bizning zavodimiz sulfidli ma’danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan. 2008-2009 yillarda sulfidli boyitma tarkibidan oltinni ajratib olish uchun zavodimizda biologik oksidlash jarayoni ishga tushgan edi. Biologik oksidlangan mahsulot tarkibidan 85 foizgacha oltinni ajratib olardik. Qolgan 15 foizi esa chiqindiga chiqib ketardi. Yangi texnologiya joriy etilgach, ana shu chiqindi tarkibidagi 15 foiz oltinning aksariyat qismini ajratib olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Texnologiyaning asosiy afzalligi, u energotejamkor, ekologik talabga javob beradi, katta ishlab chiqarish quvvatiga ega hamda to‘liq avtomatlashtirilgan”.  

Kombinat “alkimyogarlari”ning bu ixtirosi zavodda chiqindidan qo‘shimcha tayyor mahsulot ishlab chiqarish hisobiga tannarxni kamaytirish imkonini berdi. “NKMK” AJda bu kabi yangi texnologiyalarni yaratish, samarali takliflarni amaliyotga joriy etish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Kun.uz muxbiri – Ruslan Saburov,
Montaj ustasi – Jahongir Turg‘unov

 

Mavzuga oid