O‘zbekiston | 20:15 / 20.12.2022
42702
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident inson huquqlari masalasida Po‘lat Bobojonovga talab qo‘ydi

“Oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev bosh prokuror va ichki ishlar vaziriga yuzlanib. Prezident ulardan qonun va inson huquqlari oliy qadriyat ekanini o‘z tizimidagi har bitta xodimga yetkazishni talab qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida hibsga olingan shaxslarning huquqlari qo‘pol ravishda buzilayotgan holatlarga e’tibor qaratdi.

“Oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda. Bizning yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi.

Shu bois, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi (Face ID) o‘rnatiladi.

Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bu haqiqatni har bir xodimiga yetkazib, ta’sirchan nazorat o‘rnatishi shartligini ta’kidladi.

Prezidentning tizimga oid tanqidlarini tik turib tinglayotgan Bosh prokuror va Ichki ishlar vaziri / Foto: Videodan kadr

Davlat rahbari, shuningdek ilg‘or tajriba asosida ma’muriy sudlarning faoliyati yangi bosqichga olib chiqilishini ma’lum qildi.

“Ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilinganda, ishlarni eksterritorial tartibda, ya’ni boshqa hududda ham ko‘rish amaliyoti joriy qilinadi.

Vazirlar ham, hokimlar ham bir narsani yaxshi tushunib olishi kerak. O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi, bundan keyin”, – deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi oylarda IIV tizimidagi muassasalarda bir necha kishi vafot etdi. Xususan, 16 oktabr kuni Qo‘qondagi markazga olib kelingan 15 yashar o‘smir shu joyda vafot etgandi. Jamoatchilikning keskin e’tirozlaridan so‘ng, IIB markazi rahbari va ikki xodimi ishdan olindi, bir qancha xodimlarga nisbatan intizomiy jazolar qo‘llandi.

Oktyabr oyida Samarqandda aliment to‘lamagani uchun ma’muriy tartibda qamoqqa olingan Rashid Boliyev uch kun o‘tib viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida vafot etdi.

8 noyabr kuni esa Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan mahkum yurak kasalligi oqibatida vafot etdi.

Bu voqealardan keyin, 24 noyabr kuni bloger va publitsist Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosini talab qilib, Toshkent shahrida bir kishilik piket uyushtirdi.

Shundan so‘ng IIV matbuot xizmati har hafta jamoatchilik uchun matbuot anjumani o‘tkazishni boshladi. Shu bilan birga, shaxsan vazirning o‘zi jamoatchilik oldida chiqib hisob berishga shoshilmayapti. 

Mavzuga oid