Jamiyat | 14:46 / 22.12.2022
24356
4 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: nogiron o‘g‘lini yelkasida opichlab ulg‘aytirayotgan jasoratli ona

Farzandi nogiron tug‘ilgach, eri haydab yuborgan mushtipar ayol ming mashaqqatlar bilan yolg‘iz o‘g‘lini ulg‘aytirdi. Chaqaloqligidan ona yelkasiga tirmashgan 17 yoshli o‘g‘il hanuz onasini quchib yashaydi, nogironlar aravasini istamaydi...

Turli sabablar bilan turt muchasi sog‘ jigarbandidan voz kechib, bolasini mehribonlik uylariga tashlab ketgan onalar qanchadan qancha. Farzand qadriga yetmaganlar sabr va matonatni beshariqlik Malohat opadan o‘rgansin.

56 yoshli Malohat Mudumarova Beshariq tumani Oltinko‘l mahallasida tug‘ma nogiron yolg‘iz o‘g‘li bilan umrguzaronlik qilib kelmoqda.

40 yoshimda ona bo‘ldim

«Birinchi oilam bilan 10 yil yashadim. Tog‘amga kelin bo‘lgan edim. Farzand ko‘rmadik. Ikkinchi ro‘zg‘orimdan 2004 yilda o‘g‘lim Yahyobek tug‘ildi. U tug‘ma nogiron edi, shu sabab oilam buzildi. O‘g‘lim 5 yoshga to‘lganida ota uyga qaytib kelishga majbur bo‘ldim. Boshimga ne savdolar tushgan bo‘lsa ham otasidan nolimayman.

40 yoshda ona bo‘lganim uchunmi homila yaxshi rivojlanmagan ekan. Shifokorlar yo men yo o‘g‘lim nobud bo‘lishini aytishdi. Lekin ming shukrki ikkimiz ham omon qoldik. Barcha onalarni hayotda sabrli bo‘lishga chaqiraman», — deydi Malohat Mudumarova.

Kuchdan qolguncha o‘g‘limni yelkamda ko‘taraman

Tashqari qahraton qish bo‘lsa-da, Yahyobek toza havoga chiqishni xohlaydi. Ona-bola uyda juda kam o‘tirishadi.

«Vaqtimiz deyarli ko‘chada, toza havoda o‘tadi. Yahyobekni doim yelkamda opichlab yuraman. Sayr qilamiz, do‘konlarga olib boramiz. Bolam ulg‘ayib, vazni ham ortdi. Lekin shunda ham doim ko‘tarib yuraman. Bu menga odat bo‘lib qolgan. O‘g‘lim dalaga, kenglikka talpinadi. Buni uning nigohlaridan payqayman. Ko‘chada sayr qilishni xush ko‘radi.

Farzandidan kechgan onalarga hayron qolaman. Nimaning evaziga bu qabih ishga qo‘l uradi. Bolam oyoqqa turib ketgunicha boshimda ko‘tarib yuraman», — deydi ona.

Uyimizga kelin kirib kelishi orzularimdan biri

«Farzand — Yaratgan tomonidan berilgan ulug‘ ne’mat. Bir paytlar nogironligi uchun bizni uyidan chiqarib yuborgan bolamning otasi ko‘rsin. Mana, bolangiz ulg‘aydi. Uni qora tuproqqa qo‘ymadim. Siz ham duo qiling. Operatsiyadan yaxshi chiqsin. Otasi hattoki vaqtida aliment ham to‘lamagan. Boshimizdan ko‘p og‘ir kunlar o‘tgan», — deydi ona.  

Shifokorlar Yahyobekka alohida g‘amxo‘rlik qilish, yaxshi yedirishni tayinlashgan. Bolaning beli qiyshiq, oyog‘i ham qiyshiqligi uchun o‘rnidan tura olmaydi. Ongi ham yaxshi rivojlanmagan. Gapira olmaydi.

«Yana ozgina sabr qilsam, bolam 20 yoshga to‘ladi. Orzularimdan biri —kelin ko‘rish. To‘ylar qilamiz. Unga barchani taklif qilaman. O‘g‘limning otasini ham to‘yga taklif qilaman. Yaratgan egamdan men ham boshqalar qatori kelin ko‘rishni so‘rayman. Shirindan shakar nevaralarim bo‘lishini so‘rayman. Oq libosda ostona xatlab uyimizga kelin kirib kelsin», — deya orzu-havaslarini to‘lqinlanib gapiradi umidini sira yo‘qotmagan ona.

Malohat Madumarovaga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lgan saxovatpesha insonlar uchun oilaning plastik karta ma’lumotlari:

Humo: 9860 0825 8893 7027 (MALOKHAT MADUMAROVA)

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid