Fan-texnika | 23:11 / 29.12.2022
76296
2 daqiqa o‘qiladi

Xiaomi avtomatik oziqlantiruvchi aqlli akvariumni namoyish etdi

Undagi suvni har olti oyda almashtirish kifoya. 

Foto: Xiaomi

Xiaomi o‘zining birinchi aqlli Mijia Smart Fish Tank akvariumini rasman namoyish etdi. Uni Mi Home ilovasi orqali masofadan boshqarish, jumladan, baliqlarni oziqlantirish mumkin. Bunda ozuqa miqdori va uning baliqlarga berish grafigi mijoz tomonidan kiritiladi. Agar avtomatik rejim mos kelmasa, har safar ozuqa hajmi haqida o‘ylamasdan ovqatlantirish tizimini qo‘lda ishga tushirish mumkin. 

Bundan tashqari, akvariumda suv nasosi, yoritish moslamasi, filtrlash tizimi va harorat sensori bor - undan olingan ma’lumotlar tashqi tomondan kichik ekranda ko‘rsatiladi va ilovada takrorlanadi. Bir tugmani bosib, akvarium suvini nasos bilan to‘kib tashlash mumkin.

Foto: Xiaomi

Nasos aqlli rejimda ishlaydi: baliq turlari va zichligiga avtomatik moslashadi. U o‘z-o‘zini tozalash mexanizmiga ega bo‘lib, akvariumni suv o‘tlari, ozuqa qoldiqlaridan avtomatik tarzda tozalaydi. Shu sababli, suvni olti oygacha almashtirish shartmas. 

Akvariumda, shuningdek, turli xil rejimlarda ishlashi mumkin bo‘lgan yoritish moslamasi ham bor. Ilova orqali yorug‘lik miqdori o‘zgarishini sozlash mumkin.

Akvarium 29,5×44,6 sm o‘lchamga ega, hajmi litrda ko‘rsatilmagan. 

Xiaomi Mijia Smart Fish Tank kraudfanding maydonida 28 dekabr kuni savdoga chiqariladi. Unga 50 dollarga oldindan buyurtma berish mumkin. Kraudfanding tugagandan so‘ng, akvarium ommaviy sotuvga chiqariladi, lekin uning narxi oshishi mumkin. 

Mavzuga oid