Jahon | 12:59 / 09.01.2023
5281
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina «sulh»dan keyin ham o‘qqa tutilganini ma’lum qildi

«Rojdestvo sulhi» yakunida Rossiya Federatsiyasi Xarkiv, Zaporijjya, Donetsk va Dnepropetrovsk viloyatlarini o‘qqa tutdi. Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya to‘qqizta raketa va uchta aviazarba bergan.

Foto: Picture Alliance

Ukraina rasmiylari Moskva tomonidan e’lon qilingan «Rojdestvo sulhi» tugaganidan keyin Ukraina hududiga yangi raketa va aviazarbalar berilgani haqida xabar qildi. 8 yanvar, yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Xarkiv viloyatining Merefa shahriga raketa hujumi uyushtirdi, dedi viloyat harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Sinegubov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, otishma natijasida 50 yoshli erkak halok bo‘lgan. «Rojdestvoda ham dushman tinch aholini terror qilishni to‘xtatmayapti!» - deb yozdi Sinegubov Telegram-kanalida. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya qo‘shinlari kun davomida Chuguyevskiy tumanidagi Staritsa qishlog‘i va Kupyanskiy tumanidagi shahar tipidagi Dvurechnaya posyolkasini o‘qqa tutgan. Dvurechnayada xususiy turar joy binosi va davlat favqulodda vaziyatlar xizmati bo‘linmasi binosi o‘qqa tutildi. Ikki yuk mashinasi va o‘t o‘chiruvchilarning tez yordam mashinasi shikastlangan, biroq qurbonlar yo‘q.

Zaporijjya shahar kengashi kotibi Anatoliy Kurtevning aytishicha, 8 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, Rossiya armiyasi Zaporijjya shahri chekka hududlarini o‘qqa tutgan. U vayronagarchilik va qurbonlar haqida hech qanday ma’lumot bermadi.

Zaporijjya viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleksandr Staruxning ma’lum qilishicha, 7 yanvar kuni rossiyaliklar BMTning Zaporijjya viloyatidagi missiyasini o‘qqa tutgan, u Orexov shahriga gumanitar yordam olib kelgan.

Donetsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoning so‘zlariga ko‘ra, 8 yanvarga o‘tar kechasi rossiyaliklar Kramatorskka yettita, Konstantinovkaga ikkita raketa hujumi uyushtirgan. Sanoat obektlari shikastlangan, hech kim jabrlanmagan.

Ukraina tomoni vakillari Xersonda tungi portlashlar haqida ham xabar berishdi. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining ertalabki xulosasida ta’kidlanishicha, Rossiya harbiylari o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, o‘tgan kun davomida to‘qqizta raketa va uchta aviahujum uyushtirgan, yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlaridan 40 ta zarba bergan, shu jumladan fuqarolik infratuzilmasini nishonga olgan. Ukraina Qurolli kuchlari qayd etishicha, tinch aholi orasida yaradorlar va qurbonlar bor.

O‘z navbatida, o‘zini «Donetsk xalq respublikasi» deb e’lon qilgan hudud vakillari Ukrainaning o‘qqa tutilishi natijasida Starobeshevskaya va Zuyevskaya issiqlik elektr stansiyalari zarar ko‘rganini ma’lum qildi.

Urush sharoitida hatto mojaro ishtirokchilarining rasmiy vakillari tarqatayotgan ma’lumotlarni tezda tekshirish imkoni yo‘q.

5 yanvar kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Mudofaa vazirligiga Ukrainada 36 soat muddatga – 6 yanvar soat 12:00 dan 7 yanvar 24:00 ga qadar o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qilishni topshirdi. Bu patriarx Kirillning «Rojdestvo sulhiga» chaqirig‘idan keyin sodir bo‘ldi.

Bir tomonlama sulh kuchga kirganidan so‘ng, Kiyev va Vashington Rossiya qo‘shinlari jangni davom ettirganini aytdi. Rossiya Mudofaa vazirligi rossiyalik kuchlar o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilganini, biroq Ukraina o‘qqa tutishiga javob berayotganini da’vo qildi.

Mavzuga oid