Jamiyat | 17:57 / 11.01.2023
18442
5 daqiqa o‘qiladi

Umra vizalari muddati 30 kundan 90 kunga uzaytirilmoqda

Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq ar–Rabi’a hojilarga xursandchilik xabarini e’lon qilib, hojilar soni koronavirus tarqalishidan oldingi holatiga qaytarilishini bildirdi.

Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar–Rabi’a musulmonlarni xursand qiladigan xabarni ochiqlab, hojilar soni shartlarsiz yoki yoshni chegaralamagan holda, 1444 hijriy yilgi Haj mavsumida koronavirus tarqalishidan oldingi holatiga qaytarilishini ma’lum qildi. Shuningdek «Espo al-Haj» Haj va Umra xizmatlari konferensiyasi va ko‘rgazmasi ochilishi marosimida umrachilarni to‘la sug‘urta qilish to‘lovlari 88 riyol (taxminan 23,5 AQSh dollari)ga va hojilarni sug‘urta qilish to‘lovlari 29 riyol (taxminan 7,73 AQSh dollari)ga pasaytirilishini ham bildirdi.

Vazir podshohlik Makkadagi haramni kengaytirishga aloqador infrastrukturani bunyod etishga jami 200 mlrd. riyol (taxminan 53,33 mlrd. AQSh dollari)dan ziyod mablag‘ sarflaganini ko‘rsatib o‘tdi. Bu tarixdagi eng katta qurilish loyihasiga aylandi.

Payg‘ambarimiz haramlarini kengaytirish va muqaddas qadamjolar (Mino, Arafot va Muzdalifa)ni rivojlantirishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda. Shuningdek, Qubo masjidini rivojlantirishdek yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Bunda eng munosib xalqaro me’yorlar asosida infrastrukturasi rivojlantirilmoqda. Joylar sonini oshirish yo‘lida transport tizimi va logistika xizmatlaridagi hamkorlari va ularning hamkorlari bilan ishlangan. Jumladan, Rahmon mehmonlariga xizmat ko‘rsatadigan Podshohlikdagi eng katta aeroport, ya’ni Jiddadagi Podshoh Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroport bunyod etildi. Qurilish ishlariga 40 mlrd. riyol (taxminan 10,67 mlrd. AQSh dollari)dan ziyod mablag‘ sarflandi. Makka al–Mukarrama va Madina al–Munavvarani bog‘laydigan Ikki muqaddas masjid temiryo‘li qurilishiga 64 mlrd. riyol (taxminan 17,07 mlrd. AQSh dollari)dan ziyod mablag‘ ishlatildi.

Mazkur temiryo‘l safar vaqtini ikki soatga kamaytirdi. Avvallari yo‘lga 6 soatdan ko‘proq vaqt ketardi.  

Doktor Tavfiq bin Favzon ar–Rabi’a Haj va Umra vazirligi Rahmon mehmonlariga ko‘rsatiladigan xizmatlarni doimiy ravishda rivojlantirish va bosqichma–bosqich tajribalarni yaxshilashga sa’y–harakat qilayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Shu doirada vazirlik umrachilarni to‘la sug‘urta qilish to‘lovlarini 63 foizga, ya’ni 235 riyol (taxminan 62,67 AQSh dollari)dan 88 riyol (taxminan 23,5 AQSh dollari)ga  pasaytirdi. Hojilarni sug‘urta qilish to‘lovlari esa 73 foizga, ya’ni 109 riyol (taxminan 29,07 AQSh dollari)dan 29 riyol (taxminan 7,73 AQSh dollari)ga kamaytirildi. Bu podshohlik xizmatlar sifatini oshirish va ulardan bahramand bo‘lishni yengillashtirish, Makka al–Mukarrama va Madina al–Munavvaraga hojilar va umrachilar yetib borishlarini osonlashtirishga qaratilgan sa’y–harakatlaridan dalolat beradi.   

Haj va Umra vaziri joriy yildan e’tiboran Haj bo‘yicha barcha delegatsiyalar podshohlikda faoliyati ruxsat etilgan har qanday shirkat bilan bitimlar imzolashi mumkinligini bildirdi. Bunda o‘nlab yillardan beri butun dunyodagi har bir delegatsiyaga faqatgina muayyan bir shirkatlar bilangina bitimlar tuzishga ruxsat etilgandi. Shu yo‘l bilan vazirlik delegatsiyalar bilan bir shirkat emas, turli shirkatlar bitimlar imzolashi uchun shirkatlar o‘rtasidagi raqobat uchun yo‘l ochib berdi.    

Vazir hojilar soni yoshni chegaralamagan holda, koronavirus tarqalishidan oldingi holatiga qaytarilishi xushxabarini e’lon qildi. Hojilar va umrachilar safarlarini mazmunan boyitish yo‘lida Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam hazratlari va ularning muhtaram sahobalari hayotlariga aloqador 20 dan ortiq ko‘rgazma va 100 dan ziyod tarixiy joylarni jihozlash ishlari boshlab yuborilganini ham qayd etdi.

Doktor Tavfiq bin Favzon ar–Rabi’a umrachilarga bir qator yengilliklar berilishiga e’tiborni qaratib, ular Umra vizasi bilan podshohlikning barcha yerlariga borishlari uchun imkoniyat yaratilganini bildirdi. Ayni vaqtda boshqa turdagi vizalarni olganlarga Umra manosiklarini ado etishga ruxsat berilishini ko‘rsatib o‘tdi. Shuningdek Umra vizalari muddati 30 kundan 90 kunga uzaytirilmoqda. Boshqa tomondan «Nusuk» platformasi ishga tushirilib, 24 soat ichida elektron viza olish imkoniyati yaratildi. Haj xizmatlari konferensiyasi va ko‘rgazmasi Podshohlikdagi eng yirik shunday tadbir hisoblanadi. Unda Rahmon mehmonlari safarlariga yengilliklar berish uchun Podshohlik ichkarisi va tashqarisidagi mavzuga aloqador barcha shaxslar to‘plandi. 

Mavzuga oid