O‘zbekiston | 20:33 / 14.01.2023
25563
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona va Samarqand viloyatlari hokimlariga polkovnik harbiy unvoni berildi 

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov polkovnik harbiy unvonini oldi. 

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovga Mudofaa Vazirining buyrug‘i bilan polkovnik harbiy unvoni berildi.

Foto: O‘zA

«Harbiy-ma’muriy sektorga sifatli rahbarlik qilib kelayotganligi, viloyat hududida harbiy shaharchalar infratuzilmalarini takomillashtirish orqali davlatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi, o‘tkazilayotgan o‘quvlarda ko‘rsatayotgan faolligi, shuningdek xalq va armiyaning birdamlikka erishishi hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy ifxtixor tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni tashkillashdagi hamkorligi uchun Farg‘ona viloyati hokimi Bozorov Xayrullo Hayitbayevichga zahiradagi polkovnik harbiy unvoni hamda shaxsiy raqam berilsin» deyiladi buyruqda. 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, shuningdek, Mudofaa Vazirining buyrug‘i bilan, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa qobiliyatini mustahkamlash yo‘lida faol ishtiroki uchun I darajali «Namunali xizmati uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 

Farg‘onada «Vatan himoyachilari» kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Lutfulla Buzrukov ushbu buyruqlarni o‘qib eshittirdi va harbiy unvon guvohnomasi hamda ko‘krak nishonini viloyat hokimiga topshirdi. 

Foto: O‘zA

Shuningdek, Samarqand viloyati hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Erkinjon Turdimovga ham Mudofaa vaziri buyrug‘i bilan polkovnik harbiy unvoni berildi. Harbiy unvonni Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Oybek Saidov tantanali ravishda topshirdi.

Mavzuga oid