O‘zbekiston | 18:59 / 14.01.2023
31350
4 daqiqa o‘qiladi

“Tashqaridagilar odammasmi?!” - Kutuvchilari unutilgan Toshkent aeroportidan reportaj

Toshkent xalqaro aeroportining ochiq maydonda joylashtirilgan kutish hududi -13 daraja sovuq bo‘lishiga qaramasdan, kutib oluvchilar bilan to‘la. Ular orasida xorij fuqarolari, ayollar, keksa ota-onalar ham bor. 

3 yildan beri ko‘rishmagan do‘stimni kutib olish uchun O‘zbekistonga kelgandim. Juda sovuq ekan. Muzlab qoldim. Ichkariga ruxsat berishsa, yaxshi bo‘lardi. Bizda kutib oluvchilar mehmonlarini aeroport ichkarisida kutib olishadi. Eng muhimi, issiqqina”, – deydi Qozog‘istonning Chimkent shahridan kelgan mehmon.

Yana bir ona esa Moskvadan kelayotgan o‘g‘lini kutayotgani, hamma yaqinlarini shunday sovuq sharoitda, muz ustida kutishga majbur bo‘layotgani haqida gapirib, mas’ullardan sharoit qilib berishlarini so‘raydi.

Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali u qadar eski emas. 2018 yil foydalanishga topshirilgan. 5 yil oldin shu aeroport binosi qurilayotganda kutib oluvchilar uchun alohidami, terminal ichidami maxsus yopiq bino tashkil qilish haqida hech kim o‘ylab ko‘rmaganmi?

Siyosatchi Kamoliddin Rabbimov Toshkent xalqaro aeroporti haqida o‘z fikrlarini bildirar ekan, bu O‘zbekistonning reputatsiyasi bilan bog‘liq masala ekanini ta’kidlab o‘tgan.

Siyosatchi aeroportdan chiqayotganda ham qo‘l yuklarini skanerdan o‘tkazish, tashqarida mehmonini 3 soatlab kutib, sovuqda qaltirayotganlar, kuralmagan qorlar holati haqida fikr bildirib, bu holatlar aeroport ma’muriyatini qiziqtirmasligini tanqid ostiga olgan.

Butun dunyoda odamlar aeroportlarning ichida, chiroyli kutish zallarida o‘tirib, yaqinlarini kuzatishadi va kutib olishadi. Lekin faqat O‘zbekistonda emas. Insonlarni qadrsizlash – aeroportda boshlanadi va aeroportda tugaydi.  Har qanday davlat to‘g‘risidagi birinchi taassurot – aeroportdan boshlanadi”, – deb yozadi u.

2022 yilning noyabr oyida tuzilgan Hawaiian Islands axborot portali reytingiga ko‘ra, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti O‘rta Sharq va Markaziy Osiyodagi eng stressli aeroportlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. 46,02 foiz ko‘rsatkich bilan baholangan aeroportimiz 20 talik ro‘yxatning 7-o‘rinida qayd etilgan. 

Aeroportda bir kishini kutishga chiqqandim. Bilasiz, barvaqt borib olinadi va rosa kutiladi. Istanbuldan oldinroq Moskva qo‘nishi kerak edi. Ko‘pchilik yaqinlarini kutyapti. Suratdagi ayolga e’tibor berdim. Bir soatdan ortiq vaqt o‘tdi hamki na o‘rnidan qo‘zg‘aldi, na aeroportning chiqish eshigiga qadalgan ko‘zini boshqa yoqqa qaratdi. Nisbatan yengil kiyingan bo‘lsa-da, sovuqni ham, tik turishning noqulayligini ham sezmadi. O‘rindiqda joy bo‘lsa ham o‘tirmadi. Ko‘zlari yiltirab, lablarini tishlab, nigohini uzmay turaverdi! Farzandini kutgan onaning kechinmalarini kim ta’riflay olibdiki, men eplasam?... Qaysidir o‘g‘lonning shunday onasi bor! O‘zbekning shunday onasi bor!!!” – deb yozgan edi jurnalist Abror Zohidov o‘z Facebook sahifasida.

Bizning aeroportlar bilan esa bunday hikoyalar yanada ta’sirli tus oladi.

Sardorbek Usmoniy, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid