O‘zbekiston | 18:43 / 16.01.2023
5513
2 daqiqa o‘qiladi

Farzandini chet elda nazoratsiz qoldirganlar javobgarlikka tortilishi mumkin

Voyaga yetmagan farzandini chet elda nazoratsiz tashlab kelgan yoki noqonuniy o‘quv markazlariga bergan ota-onalarga ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda diniy bilim olishga intilayotgan yoshlar ko‘paymoqda. Ammo ularning bu borada tasavvurga ega bo‘lmagani, ota-onalari yoki yaqinlari tomonidan nazoratsiz qoldirilgani oqibatida «hujra» markazlarida tartibsiz diniy ta’lim olishiga, ba’zan ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, 2019 yildan buyon diniy ta’lim olish uchun 4 mingga yaqin bola Misrga yuborilgan. Bugungi kunda ularning ming nafaridan ko‘prog‘i O‘zbekistonga qaytarilgan, 2 ming nafarga yaqini Misrda istiqomat qilayotgan begona shaxslar qo‘lida qoldirilgan. 200 nafaridan ortig‘i ko‘rilgan choralarga qaramasdan Misrdan Turkiyaga ko‘chib o‘tgan.

Xabarda keltirilishicha, qonunchilikda bu borada javobgarlik belgilanmagani sababli yuqorida ta’kidlab o‘tilgan salbiy holatlar ko‘paygan.

Shu bois, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksi yangi moddalar bilan to‘ldiriladi. Unga ko‘ra voyaga yetmagan farzandini chet elga nazoratsiz tashlab kelgan yoki noqonuniy o‘quv markazlariga bergan ota-ona farzandini bir oy ichida qaytarib olib kelishi lozim. Bu muddat yana bir oyga cho‘zilishi mumkin. Aks holda ota-ona dastlab ma’muriy, keyin jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Xabarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida ham ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekani belgilangani ta’kidlanadi.

Mavzuga oid