Jahon | 09:27 / 24.01.2023
8075
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda FQB sobiq xodimi Deripaska uchun ishlaganlikda ayblandi

AQSh rasmiylariga ko‘ra, maxsus xizmat sobiq vakili rossiyalik sobiq diplomat bilan birga tadbirkorga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga yordam berishga harakat qilgan.

Oleg Deripaska Foto: Maksim Shemetov / Reuters

AQSh rasmiylari FQBning sobiq yuqori martabali xodimi Charlz Makgonigalni AQSh sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik tadbirkor Oleg Deripaska bilan ishlaganlikda gumon qilmoqda. 23 yanvar, dushanba kuni sobiq agentga nisbatan ayblov e’lon qilindi.

Prokurorlarning fikricha, nafaqaga chiqqunga qadar Nyu-Yorkdagi Federal qidiruv byurosining aksilrazvedka boshqarmasini boshqargan 54 yoshli Makgonigal 2019 yilda Deripaskaga qarshi sanksiyalarni olib tashlashga yordam berishga uringan va 2021 yilda uning iltimosiga ko‘ra, boshqa rossiyalik tadbirkorning faoliyatini tekshirgan, u buning uchun go‘yoki «yashirin to‘lovlarni» olgan.

Ish bo‘yicha yana bir ayblanuvchi — yana bir AQSh fuqarosi, sobiq SSSR, keyin esa Rossiya diplomati Sergey Shestakov. Ikkala shaxs ham sanksiyalarni buzish maqsadida til biriktirganlikda, shuningdek, pul yuvishda gumon qilinmoqda.

Makgonigal va Shestakov dam olish kunlari hibsga olindi hamda dushanba kuni sudga keltirildi, ular garov evaziga qo‘yib yuborilgan.

Oleg Deripaska 2018 yildan beri AQSh sanksiyalari ostida. Boshqa narsalar qatorida, Vashingtondagi rasmiylar uni 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashuvga aloqadorlikda gumon qilmoqda.

Mavzuga oid