O‘zbekiston | 20:13 / 01.02.2023
23086
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston umumjahon miqyosida ko‘p o‘g‘it ishlatayotgani ma’lum bo‘ldi 

Qanchalik ko‘p o‘g‘it sarflansa, shunchalik yaxshi va hosildorlik ham yuqori bo‘ladi, degan fikr to‘g‘ri emas. 

Foto: Getty Images

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari jahon va O‘zbekistonda o‘g‘it iste’moli darajasini tahlil qildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda jahon o‘g‘it bozori taqchillikka duch kelgan. 2022 yilda o‘g‘it narxining o‘sishi so‘nggi 70 yildagi eng yuqori darajaga yetgan. 

Narxlarga asosan xalqaro ta’minot zanjirlarining uzilishi va gaz narxining oshishi ta’sir ko‘rsatgan, biroq, 2022 yilning ikkinchi yarmida ta’minot zanjirlari tiklana boshlagan. 2022 yil oxirida Yevropada o‘g‘it ishlab chiqarishning tiklanishi fonida narxlar barqarorlashgan. 

O‘g‘it narxining jahon miqyosida oshishi muqarrar ravishda ulardan foydalanishning qisqarishiga olib keldi, ayniqsa, daromadi past mamlakatlarda, deydi ekspertlar. Bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini pasaytiradi va oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmini qisqartiradi. 

O‘zbekistonda gektariga o‘g‘it sarfi deyarli 255 kilogrammni tashkil etadi, bu esa umumjahon o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan 74 foiz yuqori, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan 2,9 barobar ko‘p. 

Qanchalik ko‘p o‘g‘it sarflansa, shunchalik yaxshi va hosildorlik ham yuqori bo‘ladi, degan fikr to‘g‘ri emas. Dunyodagi azotli o‘g‘itlarning yarmidan kamrog‘i o‘simliklarning o‘sishiga hissa qo‘shadi, qolganlari esa faqat suv havzalarini ifloslantiradi. Shu sababli so‘nggi 100 yil ichida suv, tuproq va havodagi antropogen azot birikmalarining miqdori ikki baravar oshgan. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oziq-ovqat xavfsizligiga putur yetkazmagan holda o‘g‘itlarni qo‘llashni tartibga solish zarur. Tuproq va tuproq kimyosini muntazam monitoring qilish va o‘g‘itlardan foydalanishni muvozanatlash qishloq xo‘jaligining barqaror o‘sishini ta’minlash, kelajak avlodlar uchun atrof-muhitni muhofaza qilish imkonini beradi. 

Mavzuga oid