O‘zbekiston | 12:24 / 02.02.2023
10861
2 daqiqa o‘qiladi

Chet elliklarni vaqtincha ro‘yxatga olish bo‘yicha talablar soddalashtirilyapti

O‘zbekiston hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirilmoqda, deb xabar berdi «Dunyo».

Bu Vazirlar Mahkamasining «Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi takomillashtirilgani munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 28 sentabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qarorida qayd etilgan.

Hujjat bilan chet el fuqarolarini migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari, joylashtirish vositalari yoki davolash muassasalarida vaqtincha ro‘yxatga olish uchun yagona muddat o‘rnatilmoqda – 3 kun ichida.

Mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgan, boshqa qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasasida vaqtincha ro‘yxatga olishni faqat ichki ishlar organlaridan ruxsat olingandan keyin amalga oshirish tartibi bekor qilinmoqda.    

Endilikda bunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasalari ma’muriyati, xususiy uy-joy egalari hududiy ichki ishlar organlariga E-mehmon dasturi orqali xabar bergan holda joylashtiradi.

Mavzuga oid