Iqtisodiyot | 18:51 / 10.02.2023
34224
7 daqiqa o‘qiladi

20 ming dona bankomat va unutilgan naqdlashtirish “solig‘i”   

2022 yilda respublikadagi bankomatlardan jami 117,2 trln so‘m naqd pul yechib olingan. Agar 2015 yillardagi “plastik solig‘i” hozir ham bo‘lganida taxminan 17,5 trln so‘m pul xalqning cho‘ntagi tomon uzatilgan qo‘llarga o‘tib ketgan bo‘lardi. 

Foto: KUN.UZ

2014-2015 yillarda bozorlarda xaridor biror tovarning narxini so‘raganida sotuvchidan “Naqdmi yoki plastik?” degan savolni eshitardi. Sotuvchi aytadigan narx xaridorning shu savolga javobidan kelib chiqqan: to‘lov naqd pul ko‘rinishida bo‘lsa arzonroq, plastik karta orqali bo‘lsa 10-15 foiz qimmat. Maoshini plastik kartada olgani uchun xaridor tovarni ustama narx bilan xarid qilishga majbur edi.      

O‘sha kezlarda naqd va naqdsiz pulning to‘lov qobiliyati bir xil kuchga ega bo‘lmagan. Qolaversa, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlari to‘liq terminal apparati bilan ta’minlanmagani (borlari ham yashirib o‘tirishardi) muammoni yanada chuqurlashtirgan: tadbirkorda tovar bor, terminal apparati yo‘q, xaridorda esa plastik karta bor, naqd pul yo‘q. Ayni mana shu nuqta, ya’ni erkin savdo qila olmaslik insonlarda plastik kartasidagi pulni naqdlashtirib olish majburiyatini yuzaga keltirgandi. Buning oqibatida “qora bozorda” plastik kartalarni naqdlashtirish xizmatini ko‘rsatuvchi “tadbirkorlar” ko‘payib ketdi. Xizmat narxi 15, hatto 20 foizgacha yetdi: bir oy ishlab, peshona teri bilan topgan maoshini naqd pul ko‘rinishiga keltirib olish uchun uning beshdan bir qismidan voz kechish og‘ir bo‘lgan, albatta.  

Ayni shu jarayon insonlar taqdiriga ham ta’sir qilgani ayanchli. Kun.uz muxbirining samarqandlik suhbatdoshi, 41 yoshli erkak o‘sha kunlarni shunday eslaydi:

2015 yil edi. Sanoat korxonasida ishlayman. Maoshimiz to‘liq plastik kartada beriladi. Dadam bir kuni og‘irroq betob bo‘lib, shifoxonaga tushib qoldi. Naqd pul hammada muammo, birov birovga qarz berib turishi qiyin bo‘lgan vaziyat. Dadam operatsiya qilinishi kerak, rasmiy va “norasmiy” to‘lovlar naqd pulda. Plastik kartamda pul bor, ammo uni naqd qilib bo‘lmayapti. U tomonga yuguraman, bu tomonga yuguraman, foydasiz. Telefon qilmagan tanishim qolmadi, hech kim pulni naqd qilib berolmayapti. Oxiri Mirbozordan 30 foizga shunaqa ish qiladigan “tadbirkor” topildi. Rozi bo‘ldim. Rozi bo‘lmay ilojim ham yo‘q edi-da. Plastik kartamdan 5 mln so‘m yechib olib, qo‘limga 3,5 mln so‘m naqd pul bergan.

Dadam ayni shu sababli operatsiyaga biroz kechikib kirgan. Oradan ko‘p o‘tmay esa vafot etdi. Ko‘nglimdan agar o‘shanda shu muammo bo‘lmaganida dadam vaqtida operatsiya qilinar va balki uzoqroq umr ko‘rarmidi, degan o‘y o‘tadi gohida”.

Muammodan oddiy odamlar aziyat chekkan va kamiga muammoni hal qilish uchun ularning o‘zi 15-20 foizlik “tovon” to‘lagan. Bundan esa bank bilan kelishib, “naqdlashtirish” sxemasini tuzib olgan firibgarlarning pichog‘i moy ustida bo‘lgan.

Jurnalist Jamshid Niyozov 2015 yilda yozgan blogida shunday fikrlarni keltirib o‘tgan:

 “Naqd va naqdsiz to‘lovga teng qaralmasligiga yana bir misol: 2010 yilgachami, vallohu a’lam, yo 2011 yilgachami, anig‘i esimda yo‘g‘u, biladiganim banklar, temiryo‘l kassalari, bir oylik xizmat uchun va kontrakt to‘lovlarini qabul qiladigan shoxobchalarda birovning plastik kartochkasidan pul to‘lab bo‘lmasdi.

Tasavvur qiling, yigirma yettiga to‘lishingizga 1-2 oy qolgan. Qonunga binoan harbiy xizmatga majbursiz. Zudlik bilan armiyaga ketishingiz kerak. Ammo pulingiz yo‘q. Qarindoshlar, do‘stlar, hamkasblar, tanishlaringizdan oz-ozdan qarz oldingiz. Ammo barchasi plastikda. Nima farqi bor naqd va naqdsiz pul bir xil kuchga ega bo‘lgandan keyin. Shunday emasmi?

Biroq o‘sha paytlari shunday emas edi. O‘zimning boshimdan o‘tgan. Birovning plastigidagi pulni o‘z maqsadingiz uchun to‘lolmasdingiz yoki buning uchun plastiklarning egalari siz bilan birga borishi kerak edi. Qizig‘-a? Agar qarzni naqd pulda olganingizda hech kim bu pulni kimdan olding, egasi qayerda, nimaga birga olib kelmading, nega birovning puliga armiyaga ketyapsan, deb savol bermasdi. Qani bu yerda mantiq?”

Oddiy hisob-kitob: 2015 yilda 1 mln so‘m maosh oladigan xodim pulini naqdlashtirib olish uchun uning kamida 150 ming so‘midan voz kechishga majbur bo‘lgan. Bu raqam respublika bo‘yicha yig‘ilsa, o‘sha vaqtda milliardlarni tashkil etgan.

Agar ana shu vaziyat – “plastik solig‘i” hozir ham bo‘lganida xalqning qancha puli boshqalarning cho‘ntagiga kirib ketardi? Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2022 yilda respublikadagi 20 379 ta bankomatdan odamlar 117,2 trln so‘m pulni naqdlashtirib olishgan. Ushbu mablag‘ning o‘rtacha hisobda 15 foizi 17,5 trln so‘mni tashkil qiladi. Demak, agar bu muammolar bartaraf qilinmaganida 2022 yilda xalqning 17,5 trln so‘m puli uning cho‘ntagiga cho‘zilgan qo‘llarga o‘tib ketardi. 

Pul-kredit siyosati sohasida amalga oshirilgan islohotlar mevasini bermoqda: hozirda odamlarga cho‘ntagidagi puli naqd ko‘rinishdami yoki plastik kartada, farqi yo‘q. Sababi ularning to‘lov qobiliyati bir xil kuchga ega. Muhimi, maoshining bir qismini olib qo‘yish uchun ularning cho‘ntagiga cho‘zilgan qo‘l yo‘q. 

Mavzuga oid