Jahon | 11:21 / 10.02.2023
6109
4 daqiqa o‘qiladi

Alek Bolduin operatorning o‘limi uchun yana sudga berildi

Bolduin tomonidan tasodifan otib o‘ldirilgan operator Galina Xatchinsning ota-onasi va singlisi aktyorni sudga berdi. Ular uning yo‘qotilishi oqibatlari urush tufayli og‘irlashayotganini ta’kidladilar.

Alek Bolduin / Foto: NBC

«Zang» filmini suratga olish vaqtida halok bo‘lgan operator Galina Xatchinsning Ukrainada yashovchi qarindoshlari uning o‘limiga aloqador bo‘lgan kinoprodyuser va aktyor Alek Bolduin ustidan sudga murojaat qilishdi. Xatchinsning ota-onasi va singlisi advokati Gloriya Ollred bayonotiga ko‘ra, aktyordan tovon to‘lash talab qilinmoqda, chunki Galinaning yo‘qotilishi uning yaqinlari uchun og‘ir, sababi ular Rossiyaning Ukrainaga bosqinida omon qolishlari kerak, deb xabar berdi AFP 9 fevral, payshanba kuni.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Xatchinsning onasi Olga Solovey yaralangan askarlarga g‘amxo‘rlik qiluvchi hamshira bo‘lib ishlaydi, o‘ldirilgan operatorning singlisi Svetlana esa eri jangovar harakatlarda qatnashayotgan paytda ikki farzandiga yolg‘iz qarashga majbur. Ollred oilaning Bolduinga qarshi da’volarini Galina tirik bo‘lganida «ularning mamlakatda qolishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishi» va «ularni AQShga olib ketishi mumkin edi» deb asoslaydi. 

Xatchinsning onasi va singlisi advokat tomonidan taqdim etilgan videoda qarindoshining yo‘qotilishi ular uchun katta qayg‘u ekanligini va uning o‘limida aybdorlar jazodan qochib qutulmasligini istashlarini aytib, o‘zlarini boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha yordam ko‘rsatishni so‘rashdi.

Galina Xatchins 2021 yil oktyabr oyida «Zang» vesternining suratga olish maydonchasida vafot etdi – Bolduin jinoyatchi sifatida to‘pponchadan o‘q uzishi kerak bo‘lgan sahnani suratga olish chog‘ida u tasodifan operatorni haqiqiy quroldan o‘qqa tutdi.

Avvalroq Galinaning turmush o‘rtog‘i Metyu Xatchins aktyorni sudga bergan, biroq 2022 yil oktyabr oyida aktyor bilan kelishuvga erishib, da’voni qaytarib olgan edi. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, u Galinaning o‘limi «baxtsiz hodisa» ekanligini tan oladi va filmni ishlab chiqargan Alek Bolduin va Rust Movie Productions LLC’ni ayblashdan manfaatdor emas. 

Buning o‘rniga, bayonotga ko‘ra, Xatchins xotinining so‘nggi ishiga hurmat ko‘rsatishni xohlaydi, shuning uchun film suratga olishda davom etadi, uning o‘zi film prodyuseriga aylanadi.

Fuqarolik da’volarini hal qilish aktyorga qo‘yilgan barcha ayblovlarni olib tashlamaydi - fevral oyi boshida Nyu-Meksiko shtati prokuraturasi uni qotillikda, shuningdek, qurol va o‘q-dorilar bo‘yicha mas’ul rejissyor yordamchisi Xanna Guteres-Ridni odam o‘ldirishda aybladi.

Agar aybdor deb topilsa, har biri 18 oygacha qamoq jazosi va 5000 dollar jarimaga tortilishi mumkin. Biroq bu ishga o‘qotar qurolning aloqadorligi jazo muddatini besh yilgacha oshirishi mumkin. 

Shu bilan birga, Bolduinning o‘zi filmning suratga olish guruhini sudga berdi - uning ta’kidlashicha, fojiaga Guteres-Rid, aktyorga qurol berib, uning xavfsiz ekanligini aytgan rejissyor yordamchisi Deyv Xolls, rekvizitor Sara Zakri va qurol yetkazib beruvchi Set Kennining harakatlari sabab bo‘lgan. «Bular suratga olish maydonchasida xavfsizlikni ta’minlashi kerak bo‘lgan professionallardir. Suratga olishning barcha ishtirokchilari, jumladan Bolduin ham ulardan buni kutishgan va ularga ishonishgan», deyiladi da’vo arizasida. 

Mavzuga oid