O‘zbekiston | 14:26 / 10.02.2023
11090
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida temiryo‘l orqali yuk tashish tiklandi

Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi va «So‘g‘diyona Trans» o‘rtasida Hayraton−Mozori-Sharif temiryo‘li ekspluatatsiyasini davom ettirish bo‘yicha yangi shartnoma imzolandi. Mamlakatlar o‘rtasidagi qatnov shartnoma o‘z vaqtida bajarilmagani sababli to‘xtatilgandi.

Foto: O‘zbekiston temiryo‘llari

O‘zbekiston va Afg‘oniston temiryo‘llari o‘rtasida yuklar tashuvi tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston temiryo‘llari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilning 8-10 fevral kunlari Termiz shahrida Afg‘oniston temiryo‘llari boshqarmasi rahbari Bayturrahmon Sharofat boshchiligidagi afg‘on delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv natijasida Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi va «So‘g‘diyona Trans» ShK o‘rtasida «Hayraton – Mozori-Sharif» temiryo‘lini ekspluatatsiya qilishni kelgusida davom ettirish bo‘yicha yangi shartnoma imzolashga kelishildi.

Shu bilan birga, tomonlarning kelishuviga ko‘ra, Afg‘oniston tomoniga yo‘naltirilgan vagonlarni «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning «So‘g‘diyona Trans» ShK tomonidan Hayraton stansiyasiga yetkazib berish joriy yilning 10 fevralidan qayta tiklandi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha bayonnoma imzolandi.

Joriy yil 1 fevralidan O‘zbekistondan Afg‘onistonga temiryo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgandi. «O‘zbekiston temiryo‘llari» bunga ikki davlat o‘rtasida tuzilgan shartnoma o‘z vaqtida bajarilmagani sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Uzunligi 75 km, loyiha qiymati 129 mln dollar bo‘lgan «Hayraton – Mozori-Sharif» temiryo‘li «O‘zbekiston temiryo‘llari» tomonidan 2010 yil noyabr oyida qurib bitkazilgan. Uni boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini 2011 yil dekabridan beri «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ shu’ba korxonasi «So‘g‘diyona Trans» amalga oshirib kelmoqda. 

O‘tgan 12 yil davomida Afg‘oniston temiryo‘llari loyihadan 315 mln dollar qiymatida daromad olgan. Bundan tashqari, ushbu temiryo‘l liniyasi orqali Afg‘onistonga bir necha ming tonnalab gumanitar yordam, oziq-ovqat, neft, bug‘doy, metall va xalq ehtiyoji uchun boshqa zarur tovarlar va sanoat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Mavzuga oid