O‘zbekiston | 00:26 / 11.02.2023
21182
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzaxda uchta yangi korxonani ishga tushirdi

Korxonalarda bazaltdan kompozit quvurlar, elektr texnika mahsulotlari va tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni Jizzax viloyatida sanoatni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari 2023 yilda viloyat sanoatini 14 foizga oshirish imkoniyati borligini ta’kidladi. Buning uchun 750 million dollarlik 10 ta yirik loyiha va 580 million dollarlik 110 ta hududiy sanoat loyihasi bajarilishi, 7 ming 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi, kelgusi ikki yilda Jizzaxda avtomobilsozlik va metallurgiya sohalarida yirik loyihalar ishga tushirilishi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda Jizzaxda eng tez o‘sayotgan sanoat tarmog‘i qurilish va energiya tejamkor materiallar ishlab chiqarish ekani, bazalt zaxirasi 26 million tonna bo‘lib, respublikadagi jami zaxiraning 25 foizini tashkil etishi aytildi. Shu bilan birga, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobodda bazalt, sement, keramzit, shisha va mineral xomashyo zaxirasiga boy 200 ga yaqin konlar borligi ma’lum qilindi. Prezident ularga tadbirkorlarni jalb qilib, bozorbop mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

2023 yilda qurilish materiallari bo‘yicha 460 million dollarlik 31 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda energetika ta’minotini yaxshilash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, G‘allaorolda Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi 200 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan, 220 Megavattli yirik quyosh stansiyasi ishga tushirishi, natijada, 2024 yilda bu stansiya to‘liq quvvatga chiqib, 500 million kilovatt soat elektr olinishi va viloyat ehtiyojining 20 foizini qoplashi ta’kidlandi.

Zafarobodda bu yil jami 2 Megavattli 2 ta kichik GES qurilishi, Osiyo taraqqiyot banki bilan birga, Forishda 150 Megavattli yirik quyosh stansiyasi loyihasi boshlanishi, Jizzax shahrida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kogeneratsiya markazi qurilishi ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 3 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimida qatnashdi. Ular – Forish tumanidagi «Eco Basalt Group», Jizzax sanoat zonasidagi «Mono Electric» va «Super medical elemens» shirkatlaridir.

Birinchi korxona bazaltdan yiliga 5 ming tonna kompozit quvurlar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. «Mono Electric»da 1 ming 500 turdagi elektr texnika mahsulotlari, «Super medical elemens»da 40 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi. Ushbu korxonalar hisobiga, 700 dan ortiq aholi yuqori daromadli doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid