Jamiyat | 23:55 / 13.02.2023
49110
2 daqiqa o‘qiladi

Qibrayda narkokurerlarni “samosud” qilishda qatnashgan o‘ndan ortiq shaxs ushlangan

Samosudda ayblanib qo‘lga olinganlar 20-26 yoshdagi yigitlardir.

Foto: Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida jinoyatga aloqador o‘ndan ortiq shaxslar ushlangan. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 22 yanvar kuni Qibray tumani hududida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Internetda tarqalgan videolarda telegram-bot orqali topshiriq olib, giyohvandlik moddalarini tarqatish bilan shug‘ullanganlarni noma’lum shaxslar urib, tan jarohati yetkazgani aks etgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Qayd etilishicha mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB va boshqa hamkorlikdagi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1997-2003 yilda tug‘ilgan o‘ndan ortiq shaxs gumonlanuvchi sifatida ushlangan. Ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan.

Dastlabki tergovda gumonlanuvchilar ma’lum moddiy manfaat evaziga shu kabi bir nechta voqeada ishtirok etib, tan jarohati yetkazish holati aks ettirilgan videoyozuvlarni ijtimoiy tarmoq orqali buyurtmachiga yetkazib bergani aniqlangan.

“O‘tkazilayotgan tergov-surishtiruv davomida Qonun ustuvorligi va qilmishga yarasha jazoning muqarrarligi ta’minlanadi. Ma’lumotlar to‘ldirib borilmoqda, batafsil axborot beriladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Avvalroq Toshkentda Telegram-bot orqali giyohvandlik moddalarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan kladmenning ustiga “zelyonka” sepib “samosud” qilingan, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi (“Odam o‘g‘irlash”) va 105-moddasi 2-qismi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid