O‘zbekiston | 20:20 / 17.02.2023
11294
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 4 tup katta chinor kesib tashlandi

Qiziriq tumanidagi ilmiy-tadqiqot institutiga qarashli hududda 4 tup katta yoshli chinor daraxti noqonuniy kesib tashlangan. Oqibatda tabiatga 216 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Tabiat resurslari vazirligining viloyat boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, 21 yanvar kuni boshqarmaga bir fuqarodan “Bandixon ilmiy tajriba stansiyasi” xo‘jaligida mavjud daraxtlar va bog‘lar yo‘q qilinayotgani haqida xabar kelib tushgan. Shundan keyin holat o‘rganilib, akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tizimidagi “Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasi” hududi ko‘zdan kechirilganda 4 tup o‘suvchanligini yo‘qotmagan katta yoshli chinor daraxtlari noqonuniy ravishda tag qismi bilan kesib ketilgani aniqlangan.

“Xo‘jalik mutasaddilarining o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashishi natijasida O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 37-moddasi talablari buzilib, 216 mln so‘m miqdorda o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilgan”,– deyiladi rasmiy xabarda.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlarga huquqiy baho berilishi uchun ish prokuraturaga oshirilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil davomida O‘zbekistonda jami 1 777 tup qimmatbaho va ko‘p yillik daraxtlar kesilgani va buning ortidan tabiatga 10 milliard so‘m zarar keltirilgani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid