Osloga qochgan «Vagner» sobiq qo‘mondoni mushtlashuv uchun hibsga olindi
Ayblov Medvedev politsiyachini urganini da’vo qilmoqda. Sobiq vagnerchining himoyasi «tushunmovchilik bo‘lgan» deb hisoblaydi.
Norvegiyadan boshpana so‘ragan sobiq «Vagner» XHK qo‘mondoni Andrey Medvedev Oslo markazidagi bar yaqinida mushtlashuv va qo‘lga olish vaqtida politsiya xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik uchun hibsga olindi. Bu haqda 24 fevral, juma kuni sud qaroriga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.
Hujjatlarga ko‘ra, 21 fevraldan 22 fevralga o‘tar kechasi Medvedev mast holda hibsga olish vaqtida qarshilik ko‘rsatgan va politsiya bo‘limida politsiyachilarga hujum qilgan.
«2023 yil 22 fevral, chorshanba kuni ertalab soat 05:00 lar atrofida bir necha politsiya xodimlari va boshqa huquq-tartibot idoralari vakillari uni markaziy tergov izolyatori hovlisida politsiya mashinasidan olib ketayotganda, u qarshilik ko‘rsatib, bir yoki bir necha xodimni tepgan», - deya hibsga olish orderidan iqtibos keltiradi «Novaya gazeta Yevropa». Bundan biroz oldin Medvedev Oslodagi barlardan birining yonida ismi oshkor etilmagan erkak bilan mushtlashgan, deya aniqlik kiritadi nashr.
Sud 25 aprelga belgilangan. Prokuror Medvedevni uchta jinoiy modda bilan aybladi. Uning advokati mahalliy TV 2 telekanaliga bergan intervyusida mijozi spirtli ichimlik iste’mol qilganidan keyin «tushunmovchilik bo‘lgani», Medvedev esa tilni bilmagani uchun politsiya voqea joyiga kelganida nima bo‘lganini tushunmaganini aytdi.
Medvedev 13 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyadan Norvegiyaga qochib o‘tgan. Skandinaviya davlatida u siyosiy boshpana so‘radi va «Vagner»XHK egasi Yevgeniy Prigojinga va tashkilotning o‘ziga qarshi guvohlik beryapti.
Mavzuga oid
17:22 / 25.11.2024
Malida «Vagner»ning bir necha jangchisi o‘ldirildi
15:35 / 25.11.2024
Malida «Vagner» XHKning bir necha yollanma askarlari o‘ldirildi
22:12 / 25.09.2024
FT: Yevgeniy Prigojin pullarni yashirin ravishda g‘arb banklari orqali o‘tkazgan
20:33 / 18.09.2024