O‘zbekiston | 10:18 / 01.03.2023
6539
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Avstriya gidroenergetika sohasida hamkorlikni boshlamoqchi

Avstriya poytaxtida bo‘lib o‘tgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining navbatdagi qishki sessiyasidagi ishtiroki doirasida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Avstriya parlamenti Federal kengashi - yuqori palatasi prezidenti Gyunter Kovach bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari hamda parlamentlararo aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Avstriya parlamenti Federal kengashi prezidentining aytishicha, Avstriya hukumati O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga katta e’tibor qaratmoqda. «O‘zbekiston va Avstriya  o‘rtasida gidroenergetika, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish va sanoatda qayta ishlash sohalarida o‘zaro hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjud», dedi u.

Tomonlar qayd etilgan sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Avstriya va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi, xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, YeXHT doirasida ko‘p tomonlama hamkorligini yanada chuqurlashtirish istiqbollariga ham e’tibor qaratildi.

Mavzuga oid