O‘zbekiston | 19:36 / 11.03.2023
31694
3 daqiqa o‘qiladi

“Star Med” klinikasining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Vazirlik buni vayner Farhod Mannopovning o‘limi sabablarini o‘rganish maqsadida tayinlangan tekshiruvlar bilan izohlagan.

Foto: KUN.UZ

5 mart kuni vafot etgan mashhur vayner o‘limi bo‘yicha dastlabki o‘rganish natijasi ochiqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Jaloliddin Asomiddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan laborator tahlillar va MSKT tekshiruvlaridan so‘ng unda burun to‘sig‘ining qiyshayishi, gaymor bo‘liqlari giperplaziyasi, o‘rta va pastki burun chig‘anoqlari giperplaziyasi aniqlangan.

Shundan so‘ng bemorning roziligi bilan unda tegishli jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Fuqaroga rinoseptoplastika amaliyoti uchun endotraxeal narkoz berilgan. Biroq operatsiya davrida marhumning ahvoli to‘satdan yomonlashgan. Olib borilgan intensiv va reanimatsion davo choralariga qaramasdan joriy yil 5 mart kuni soat 03:22 lar chamasi unda biologik o‘lim qayd etilgan.

“Ayni paytda tekshiruvlar olib borilayotgani sababli “Star Med Center” klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli organlar bilan birgalikda fuqaro Farhod Mannopov vafoti yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib bormoqda”, deydi Jaloliddin Asomiddinov.

Eslatib o‘tamiz, MittiVine taxallusi bilan ijod qilgan, Instagram'da 1,2 millionlik auditoriyaga ega bo‘lgan Farhod Mannopov bir necha kun avval cho‘milayotganda boshini basseyn devoriga qattiq urib olib, burni singan, shundan so‘ng operatsiya stoliga yotgan vayner komaga tushib qolib, vafot etgandi.

6 mart kuni vaynerning vafoti yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) tegishli bandlari bilan jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilindi.

Chilonzor tumani prokuraturasi katta tergovchisi Otabek Bekiyevga ko‘ra, ish kasb yoki xizmat vazifasini lozim darajada bajarilmaganiga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga shifokorlarning harakati yuzasidan xizmat tekshiruvlari, bundan tashqari, marhumning vafoti yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Holatni tergov qilayotgan tergovchi Kun.uz’ga Farhod Mannopov operatsiya qilingan klinikada boshqa o‘lim holatlari ham kuzatilganini inkor etmagandi.

Xorijda faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz, anesteziolog-reanimatolog Jahongir Jo‘rayev vaynerning o‘limi yuzasidan ochiq qolayotgan savollarga munosabat bildirib, uning vafotiga narkozning ko‘p miqdorda berilishi sabab bo‘lganini inkor qilib, o‘lim anesteziyada ishlatiladigan ayrim dorilar natijasida kuzatiladigan «Malignant hyperthermia» holati tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Mavzuga oid