Jahon | 16:37 / 14.03.2023
4927
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda o‘lim jazosi bo‘yicha kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kiryapti

Foto: AP

Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, davlatga xiyonat qilishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarga o‘lim jazosi nazarda tutilgan. Terrorizmni targ‘ib qilish va armiyani obro‘sizlantirish uchun ham jazo belgilanadi.

25 mart kuni Belarusda jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga davlatga xiyonat qilganlik uchun mansabdor shaxslar va harbiy xizmatchilar uchun o‘lim jazosi, shuningdek, terrorizmni targ‘ib qilganlik va armiyani obro‘sizlantirish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan tuzatishlar kuchga kirdi. 14 mart, seshanba kuni Belarus milliy yuridik internet portalida «Jinoyat javobgarligi to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun e’lon qilindi

Hujjatda aytilishicha, ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi. 9 mart kuni qonunni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko imzoladi. Qayd etilishicha, hujjatning asosiy maqsadi «ekstremistik (terroristik) va davlatga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirish»dir. 

Mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan «davlatga xiyonat uchun» jinoiy javobgarlik davlat lavozimini egallab turgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Shu bilan birga, mansabdor shaxs yoki harbiy xizmatchi tomonidan sodir etilgan «davlatga xiyonat uchun» alohida jazo chorasi – o‘lim jazosini qo‘llash imkoniyati joriy etilgan. 

Davlatga qarshi bir qator jinoyatlar uchun 50 000 bazaviy birlik (taxminan 740 000 AQSh dollari) miqdorida jarima shaklida qo‘shimcha jazo belgilangan. Ushbu chora, o‘zgartirishlar mualliflarining fikricha, «bunday qilmishlar natijasida yetkazilgan zararning so‘zsiz qoplanishi va ularni sodir etgan shaxslarni jinoiy faoliyatini davom ettirish vositalaridan mahrum etish uchun mo‘ljallangan». 

Shuningdek, qonunda «terrorizmni targ‘ib qilish, qurolli kuchlar, boshqa qo‘shinlar va harbiy tuzilmalar, harbiylashtirilgan tashkilotlarni obro‘sizlantirish va davlat sirlarini himoya qilish talablarini buzish» uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Davlatga xiyonat qilish, til biriktirish yoki davlat hokimiyatini egallash maqsadida boshqa harakatlar sodir etish, josuslik va yashirin faoliyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni qamoqda saqlash muddati uch sutkadan o‘n sutkagacha oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, qonunda qo‘poruvchilikka tayyorgarlik ko‘rgan, lekin o‘z niyatidan voz kechib, jinoyatning oldini olishga ko‘maklashgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid