Sport | 21:22 / 17.03.2023
42312
12 daqiqa o‘qiladi

“Muammoning yechimi bor” – ertangi final va chipta biznesidagi olibsotarlar haqida

Ertaga futbol bo‘yicha O‘zbekiston U20 jamoasi Osiyo kubogi finalida iroqlik tengqurlariga qarshi maydonga tushadi. Bunyodkor stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yin uchun chiqarilgan chiptalar yana qo‘lga chiqib ketgani aytilmoqda. Kun.uz rasmiylardan, muammoning yechimi yuzasidan mutaxassislardan izoh oldi.

Toshkent shahri mezbonlik qilgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi ham qariyb yakuniga yetdi. Ertaga, 18 mart kuni bo‘lib o‘tadigan final bahsida O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari maydonga chiqadi.

Ortda qolgan bosqichlarda chiroyli o‘yinlari bilan muxlislar yuragidan o‘rin olgan futbolchilarimiz ishtirokidagi final uchrashuvini bevosita stadiondan turib kuzatish ishtiyoqida bo‘lgan muxlislar soni har qachongidan yuqori. Ammo odatda yurtimizda bo‘lib o‘tadigan hamda milliy jamoamiz ishtirok etadigan barcha futbol turnirlari finalida kuzatilishi o‘rganib qolganimiz chiptalar bilan bog‘liq mashmashalar yana kun tartibiga chiqdi.

OLX’dagi final chiptalari

O‘zbekiston va Iroq U20 terma jamoalari o‘rtasidagi final chiptalari savdosi hali rasman boshlanmay turib OLX’da bu haqdagi e’lonlar paydo bo‘ldi. Ularda asosiy sektor va balkondagi joylarga tegishli chiptalar tez orada sotuvga chiqarilishi, kim istasa telegramdan QR-kod ham tashlab berilishi, shuni ko‘rsatib stadionga kirib ketaverish mumkinligi yozilgan. Biroq bu firibgarlarning e’lonlarimi yoki final chiptalari baribir qo‘liga yetib kelishiga amin bo‘lgan olibsotarlarnikimi, ma’lum emas.

Chiptalar savdosi boshlanmay turib OLX’da paydo bo‘lgan e’lonlar

Final chiptalarining elektron savdosi boshlangach, bu kabi e’lonlar yanada ko‘paydi. Kimdir 50 mingdan olgan bitta yoki ikkita chiptasini qimmatroq sotish ilinjida e’lon bergan bo‘lsa, ayrim e’lonlarda turli sektorlardan ko‘p miqdorda joy sotib olinib, chiptalarini onlayn savdoga chiqarilgan.

OLX’dagi final chiptalari savdosi

Qo‘lga chiqib ketgan chiptalar uchun o‘rtacha 150 mingdan 900 ming so‘mgacha narx belgilangan. Narxlar sektorlardagi joylarga qarab oshib boradi. Chipta uchun AQSh dollarida narx belgilaganlar ham bor.

OLX’da sotilayotgan final chiptalari uchun belgilangan narxlar
OLX’da sotilayotgan final chiptalari uchun belgilangan narxlar

Ayrim e’lon beruvchilar chiptalar haqiqiy ekanini ta’kidlarkan, ularni onlayn savdoga chiqarilgan saytdan o‘zi sotib olganini ta’kidlaydi.

OLX’da sotilayotgan final chiptalari uchun belgilangan narxlar

12 mingta chipta iticket.uz saytiga berilgan

Kun.uz’ga murojaat qilgan ishqibozlarning yozishicha, chiptalar 17 mart kuni ertalab onlayn sotuvga chiqarilgach, iticket.uz saytiga kirishning imkoni bo‘lmay qolgan. Hatto saytdan bilet sotib olishga muvaffaq bo‘lganlar ham iticket.uz juda yomon ishlaganini ta’kidlamoqda.

iTicket.UZ platformasiga egalik qiluvchi ITICKET INGURUZ MJCh rahbari Baxtiyor Mametovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, final chiptalari savdoga chiqarilgach, birinchi daqiqaning o‘zida besh mingta chipta sotilib ketgan.

“Kecha kechki payt O‘FAda aynan shu masala yuzasidan yig‘ilish bo‘lgandi. Birinchi navbatda OFK rasmiylariga, har ikki davlat futbol uyushmalari mutasaddilariga, jamoalarning rasmiy vakillari va futbolchilarning yaqinlariga berilishi kerak bo‘lgan chiptalar ajratib olindi. Keyin qolgan chiptalar sotuvga chiqarish uchun taqsimlandi. 28 mingta chiptaning 12 mingtasi iticket.uz saytiga berildi.

Savdoni ertalab boshladik. Sotuv boshlangan vaqtda 18 ming kishi onlayn ekan va chiptalar savdoga chiqarilishini kutib o‘tirgan edi. Chiptalar soni esa o‘n ikki mingta. Chiptalar sotuvi boshlanishi bilan tizimga yuklama oshib ketdi. Serverlarimiz yaxshi va ishonchli bo‘lsa ham bir vaqtda o‘n minglab foydalanuvchi kirgani uchun sayt qotib qola boshladi. Texniklarimiz muammoni bartaraf etish, sayt faoliyatida uzilishlar bo‘lmasligini ta’minlash uchun qo‘ldan kelgan hamma ishni qilishdi.

Sotuv boshlangan birinchi daqiqaning o‘zida besh mingta chipta sotilib ketdi. Barcha chiptalar dastlabki bir soatning ichida sotilib ketgan bo‘lishi ehtimoli yuqori”, deydi Baxtiyor Mametov.

Kuzatuvlarimiz 17 mart kuni soat o‘ndan o‘n ikki yarimgacha bo‘lgan vaqt mobaynida ayrim sektorlarda hali sotilmagan chiptalar borligi ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, biroq amalda ularni sotib olishning imkoniyati bo‘lmaganini ko‘rsatdi.

Iticket’da hali sotilmagan, ammo sotib olishning imkoni bo‘lmagan chiptalar
Iticket’da hali sotilmagan, ammo sotib olishning imkoni bo‘lmagan chiptalar

Jumladan, chipta narxi 50 ming so‘m etib belgilangan 6B sektorda 44 ta, 4D sektorda 17 ta, 5D sektorda ham 17 ta, 4A sektorda ham 16 ta, 2C sektorda 15 ta, 5E sektorda ham 11 ta, 4E sektorda ham 11 ta chipta bo‘sh turgan bo‘lsa-da, xarid qilish oynasi ochilganda birorta chipta bo‘sh emasligi ko‘rinadi.

Iticket’da hali sotilmagan, ammo sotib olishning imkoni bo‘lmagan chiptalar
Iticket’da hali sotilmagan, ammo sotib olishning imkoni bo‘lmagan chiptalar

iTicket.UZ rahbari Baxtiyor Mametov vaziyatga quyidagicha izoh berdi.

“Bizda shunaqa tizimki, agar siz birorta sektorni tanlasangiz, hali kimdir bu joyni sotib olmagan bo‘lsa ham shunchaki bron qilib qo‘ygan bo‘lsa ham siz bu joyni sotib ololmaysiz”, deydi u.

Olibsotarlarga qarshi kurashish imkonsizmi?

Ma’lum bo‘lishicha, final chiptalarining 16 mingtasi Bunyodkor stadioni kassalari orqali sotilmoqda. Vaziyatni o‘rgangan muxbirimizning xabar berishicha, oflayn savdo jarayonida kishi boshiga ikkitadan ortiq chipta berilmayapti.

Kassalarda final chiptalari uchun turnaqator navbatlar yuzaga kelgani, bunga esa kassalar soni kamligi sabab bo‘layotgani aytilmoqda. Tabiiyki, bu vaziyatdan chayqovchilar ustomonlik bilan foydalanmoqda. Kun.uz muxbiriga ko‘ra, asl bahosi 25-50 ming so‘m bo‘lgan chiptalar 150-200 ming so‘mdan, markaziy sektorlarniki esa 500 ming so‘mgacha sotilmoqda.

“Chiptalarni onlayn sotib olib bo‘lmayotgani, chiptalar oldindan qo‘lga chiqarib yuborilgani, kassada ham final chiptalari qolmagani haqidagi gap-so‘zlarni tarqatadiganlar asosan olibsotarlar bo‘ladi. Bunaqa holat talab yuqori bo‘lgan barcha o‘yinlarda kuzatiladi. iticket'ni obro‘sizlantirish, kassadan bilet sotib olib bo‘lmayotganini aytib vahima ko‘taradiganlar aslida turli yo‘llar bilan chiptalarni qo‘lga kiritgan bo‘lishadi. Ajiotaj orqali chiptalarni qimmatroq sotishga harakat qilishadi”, deydi Baxtiyor Mametov.

U onlayn sotuv jarayonida imkon qadar chayqovchilikning oldi olingan bo‘lsa-da, oflayn savdoda chiptalar olibsotarlar qo‘liga o‘tib ketishining oldini olib bo‘lmasligini ta’kidlaydi.

“O‘FAdagi yig‘ilishdan chiqqanimizda soat tungi 12ga yaqinlashib qolgandi. Chiptalarni sotuvga chiqaramiz deb o‘sha paytda faol bo‘lgan akkauntlarni tekshirib ko‘rsak, ularning aksariyati olibsotarlarga tegishli yoki shubhali akkauntlar ekani ma’lum bo‘ldi. Shu sababli barcha chiptalar olibsotarlar qo‘liga o‘tib ketmasligi uchun savdoni kechasi boshlamaslikka qaror qildik.

Kassaga chiqarilgan biletlarni kim sotib olsa olaveradi. Bu jarayonda chiptalar olibsotarlarning qo‘liga o‘tib ketishini hech qanaqasiga nazorat qilib bo‘lmaydi”, deydi iTicket.UZ rahbari.

Internetda qalbaki final chiptalari ham sotuvga chiqarilgani, ularni haqiqiysidan ajratib bo‘lmasligi, faqatgina QR-kod yordamida ularni farqlash mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqalgan. Shu bois ishqibozlardan ehtiyot bo‘lish, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik so‘raladi.

Muammoning yechimi bormi?

Tribuna.uz muxbiri A’zamjon Izzatillayevga ko‘ra chiptalarni to‘liq elektron savdoga o‘tkazish orqali chayqovchilikka chek qo‘yish mumkinligiga ishonadi.

“Muammoning yechimi – chiptalar savdosini to‘liq onlayn savdoga o‘tkazish. Shu bilan birga, kishi boshiga bittadan yoki ikkitadan ortiq chipta sotilmasligi kerak.

To‘g‘ri, hozir kassalarda ham bir odamga ikkitadan ko‘p chipta berilmayapti, ammo chayqovchilar tanishlari, mahalladoshlari yoki mardikor bozordan odamlarni olib kelib ularni navbatga qo‘yib chipta olishyapti.

Chiptalar to‘liq elektron shaklda sotiladigan bo‘lsa, platforma ham shunga yarasha yaxshi ishlashi, faqatgina bitta saytga bunday eksklyuziv huquq berilmasligi kerak deb hisoblayman. Sayt qotib qolaversa, muxlislar undan foydalana olmasa, onlayn savdo jarayonida ham chiptalar turli qing‘ir yo‘llar bilan chayqovchilar qo‘liga o‘tib ketaversa, barchasi eski hammom, eski tosligicha qolaveradi.

Va onlayn bozor ham halol bo‘lishi kerak. O‘tgan yili Odil Ahmedov va Ravshan Ermatovlar 400tadan bilet bron qilgandek tanish-bilish bo‘lmasligi kerak”, deydi jurnalist.

Sport sharhlovchisi Bobur Akmalov stadionlar atrofida katta ekranlar o‘rnatib, o‘yinni stadiondan ko‘rishga chipta topolmagan ishqibozlarga sharoit yaratish orqali chayqovchilikka barham berish mumkin deb hisoblaydi.

“Chiptalar soni cheklangan, muhim bahslarni stadiondan ko‘rishni istovchilar doim ko‘p bo‘ladi. Bundan esa shu paytgacha olibsotarlarning cho‘ntagi qappayib kelmoqda. Aslida muammoning yechimi bor.

Bizga mana shunaqa katta o‘yinlar uchun 60 ming sig‘imli stadion kerak. Masalan, Turkiyada Fener, Galata, Beshiktosh kabilarning 40-50 minglik stadionlaridan tashqari, yilda 2-3 martagina ishlaydigan, milliy jamoa o‘ynagandagina to‘ladigan Olimpiyat stadioni bor. Sig‘imi 76 mingdan ortiq.

Boshqa bir yechim ham bor, uni amalga oshirish katta stadion qurishdan ancha osonroq. Katta turnirlarga mezbonlik qilinganda yarimfinal va final o‘yinlarini bevosita stadiondan ko‘rishga talab yuqori bo‘lishini hamisha oldindan hisobga olish kerak.

Chiptalar yetmasligi, borlari ham chayqovchilar qo‘liga o‘tib ketayotgani birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Hatto beshinchi yo o‘ninchi marta ham emas. Doim shu ahvol. Shuning uchun Bunyodkor stadioni atrofidagi hangillab yotgan keng va katta hududlarda, Paxtakor, Jar kabi stadionlar atroflarida fan-zonalar tashkil qilish, katta ekranlar o‘rnatib, futbol atmosferasini paydo qilish, bu orqali o‘yinni stadiondan ko‘rishga chipta topolmagan ishqibozlarga sharoit yaratish kerak. Bu o‘z-o‘zidan chayqovchilikning ham ildizini quritadi”, deydi hamkasbimiz.

Jamshid Niyozov, Kun.uz

Mavzuga oid