Jamiyat | 14:00 / 18.03.2023
32187
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi Sentob qishlog‘iga rasman «turizm qishlog‘i» maqomi berildi

Foto: Madaniyat va turizm vazirligi

Navoiy viloyatining Nurota tumanida «Centob» turizm qishlog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniyat va turizm vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi mutasaddilari, Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev, Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda hamda tuman faollari ishtirok etishdi.

«Viloyatimizda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda, xususan, Sentob qishlog‘ini «turizm qishlog‘i»ga aylantirish yo‘lida 200 ga yaqin ishsiz aholi, jumladan xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. Bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’yekti mavjud. Sentob qishlog‘iga muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilmoqda», dedi tadbirni ochib bergan Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev.

Shuningdek, tadbirda Madaniyat va turizm vazirligi vakili Lola Rahmonboyeva so‘zga chiqib, davlat rahbari tomonidan turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor, sayyohlikni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm qishloqlarining soha rivojidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Lola Zakirlayeva turizm qishloqlarining soha rivojidagi o‘rni, ularda oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil qilish jarayoniga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Madaniyat va turizm vazirligi hamda uning Navoiy viloyatidagi bo‘linmasi tashabbusi bilan Sentob qishlog‘ida bugunga kelib 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 ta hostel faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga belgilangan standartlar asosida mehmon uylari nomi tushirilgan ko‘rsatkichlar o‘rnatildi. Ayni damda turizm qishlog‘ida 15 dan ortiq turistik xizmat yo‘lga qo‘yilgan», deydi u.

Shundan so‘ng Madaniyat va turizm vazirligi mutasaddilari tomonidan Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyevga Sentob – turizm qishlog‘i ekanligini rasman tasdiqlovchi sertifikat va tashakkurnoma topshirildi. Shu bilan birga, «Sento» MFY raisi Murod Mirzoyev ham tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Tojikistonning O‘bekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda tadbirda so‘zga chiqib, Sentob qishlog‘i aholisini turizm qishlog‘i maqomi bilan tabrikladi.

Turizm qishlog‘i ochilish marosimida, shuningdek, milliy qadriyat va an’analarimiz o‘z aksini topgan madaniyat va sport dasturlari ham namoyish etildi.

Foto:  Ministerstvo Turizma i kulturnogo naslediya

Bundan tashqari, qishloq ahli tomonidan Navro‘z bayramining asosiy taomi hisoblangan sumalak tayyorlandi.

«Ta’kidlash joizki, turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqga olib boruvchi 5 km ichki yo‘l ta’mirlandi. Shu bilan birga, tungi yoritish chiroqlari, ikki piyodalar ko‘prigi, ikki selfi hudud, uch sanitariya-gigiyena shoxobchasi, Sentob qishlog‘ining ramziy kirish stellosi, bir turistik axborot markazi qurib, foydalanishga shay holatga keltirildi. Oilaviy mehmon uylari va hostellarga belgilangan standartlar asosida ko‘rsatkichlar o‘rnatildi», deyiladi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabarida.

 

Mavzuga oid