Jahon | 10:38 / 19.03.2023
9590
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda To‘qayev davridagi ilk parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Qozog‘istonda parlament saylovlari 2022 yilda, «qonli yanvar» voqealari ortidan prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan jamiyatni modernizatsiyalash, hokimiyatning doimiy almashuvini kafolatlash, o‘zaro tiyib turish va bunda xalq vakilligiga suyanish bo‘yicha boshlangan islohotlar shafeligida o‘tkazilmoqda.

Foto: Pavel Mixeyev / Reuters

19 mart kuni Qozog‘istonda respublika parlamenti majilisi (quyi palata) va barcha darajadagi maslihatlarga (mahalliy hokimiyat organlari) deputatlar saylanadi.

Parlament majilisining sakkizinchi chaqirig‘i avvalgilaridan farqli o‘laroq aralash tizimda saylanadi: deputatlarning 70 foizi partiya ro‘yxati bo‘yicha o‘tsa, qolgan 30 foizi - bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylanadi. Majilisga jami 98 deputat saylanishi kerak — 69 nafari partiya ro‘yxati bo‘yicha va 29 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha.

Qozog‘istondagi barcha yetti siyosiy partiya saylovlar uchun o‘z nomzodlari ro‘yxatini taqdim etgan. Avvalroq Markaziy saylov komissiyasi partiya ro‘yxati bo‘yicha 281 nafar nomzod kurash olib borishini ma’lum qilgandi: «Ak jo‘l» demokratik partiyasidan (muxolif partiya) — 54, «Amanat» partiyasidan (prezident partiyasi, avvalgi «Nur Otan») — 90, «Ovul» xalq-demokratik vatanparvarlik partiyasidan (ikkinchi nomi «qishloq» partiyasi) — 25, «Baytak» yashillar partiyasidan — 18, Umummilliy sotsial-demokratik partiyasidan (OSDP) — 19, Qozog‘iston xalq partiyasidan (NPK - 2020 yilga qadar Kommunistik partiya deb atalgan) — 52, Respublica partiyasidan (unga o‘zlarini «yangi Qozog‘iston odamlari» deb ataydigan biznes vakillari asos solishgan) — 23.

Partiyalarning har biri parlamentga o‘tish uchun besh foizlik barerni zabt etishi kerak (avval chegara 7 foiz edi). 

Demoscope jamoatchilik fikrini ekspress monitoring qilish byurosi va PaperLab tadqiqot markazi o‘tkazgan qo‘shma so‘rovga ko‘ra, saylovda saylovchilarning 59,6 foizi qatnashishi kutilmoqda. Shundan 62,5 foizi aytishicha, partiyalarning birortasi ularning manfaatlarini himoya qilmaydi; shuningdek, ko‘pchilik hali kimga ovoz berishini hal qilib olmagan; ammo 54,9 foizi oldindagi saylovlar — respublikani demokratlashtirish yo‘lidagi katta qadam bo‘ladi deb hisoblamoqda. Eng ko‘p tarafdorlar «Amanat»da — 20,8 foiz, undan keyin «Ovul» va Respublica (ularda 3,3 foizdan), OSDP (2,5 foiz), NPK (1,5 foiz) va «Baytak» (1 foiz).

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi 29 saylov okrugida 435 nomzod (hukumat tanqidchilari, iqtisodchilar, jurnalistlar, huquqshunos va ijtimoiy faollar partiyaviy filtrsiz o‘z nomzodlarini ilgari surishgan) ro‘yxatga olingan. Ularning 359 nafari — mustaqil nomzodlar va 76 nafari — partiyalardan. Bir mandatli okrug nomzodi g‘olib chiqish uchun raqiblaridan ko‘proq ovoz yig‘ishi yetarli bo‘ladi.

Qozog‘istonda maslihatlar soni 223 ta, ulardagi 3415 mandat uchun 10 288 nafar nomzod kurash olib boradi.

MSK o‘rnatilgan amaliyot doirasida parlamentga saylovning dastlabki natijalarini 20 mart kuniyoq e’lon qilishi mumkin.

Saylov kampaniyasi monitoringi uchun MSK 41 xorij davlati va 12 xalqaro tashkilotlarning 800 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchilarini akkreditatsiya qilgan.

19,7 million kishi istiqomat qiladigan Qozog‘istonda ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlar soni 12,3 milliondan oshiqni tashkil etadi.

Mavzuga oid