Iqtisodiyot | 17:46 / 28.03.2023
28079
2 daqiqa o‘qiladi

“Hi-tech bank” bankrot deb topildi

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan “Hi-tech bank” bankrot deb topildi. Bankni tugatish komissiyasi ham o‘z faoliyatini yakunladi.

Foto: Hi-tech bank

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 17 martdagi qarori bilan “Hi-tech bank”  bankrot deb topildi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar bermoqda.

“2023 yil 17 martdagi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining “Hi-tech bank”  xususiy aksiyadorlik tijorat bankini bankrot deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori va Markaziy bank Boshqaruvining tegishli qaroriga asosan “Hi-tech bank” xususiy aksiyadorlik tijorat bankini tugatish komissiyasi vakolati tugatilgani hamda sud tomonidan M.Gizatulin tugatish boshqaruvchisi etib tayinlangani ma’lum qilinadi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning oktabr oyida Markaziy bankning tegishli qarori bilan “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar olib qo‘yilgandi va banklarni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlangandi. Ikkala bank tomonidan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54- va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilgani bunga sabab sifatida keltirilgan.

Lisenziyalari bekor qilingach “Turkistonbank”ning 368 mlrd so‘m atrofida, “Hi-tech bank”ning esa taxminan 5 mlrd so‘m aholidan qarzdorligi davlat hisobidan qaytarilgan. 

Mavzuga oid