Jamiyat | 15:32 / 31.03.2023
37734
14 daqiqa o‘qiladi

Tragediyani aks ettirgan komediya – “Temir xotin” asari haqida

Sharof Boshbekovning “Temir xotin” dramasini butun o‘zbek xalqi yaxshi biladi. O‘tgan asrning 80-yillarida yaratilgan, o‘z vaqtida shov-shuv bo‘lgan, 20 dan ortiq tilga tarjima qilingan bu asar hozirgacha sevib o‘qiladi. Asar asosida tasvirga olingan film miriqib tomosha qilinadi.

Uning bu qadar mashhurlashishi va milliy dramamizning gultoji darajasiga ko‘tarilishining sababi esa asar zamirida yotadigan millat fojiasi, alamli og‘riqlarining aks etishidir.

Syujyet:

Asarning bosh qahramoni Qo‘chqorvoy bo‘lib, u traktorchilik qiladi. Aybi – ko‘p ichishi. Ichib olgach to‘polon ko‘taradi. Kunora ahvol shu. Holat xotini va bir nechta hamqishloqlari mastligida daraxtga bog‘lab qo‘yish darajasigacha yetib boradi. Asar voqealari aynan shu yerdan boshlanadi.

Erining bunday qiliqlaridan bezor bo‘lgan xotini ketsam o‘zgarar, degan xayolda bolalarini ota uyiga olib ketib qoladi. Bu orada Olimtoy ismli olim jiyani kelib qoladi. U 7 yil davomida ixtirosi ustida ishlab, robot, robot bo‘lgandayam ayol ko‘rinishidagi robotni yaratadi. Bu kashfiyotini sinovdan o‘tkazish maqsadida qishloqqa, Qo‘chqorvoyning uyiga olib keladi. Bu robotdan paxta terish mashinasi o‘rnida foydalanish ko‘zlangan edi.

Orada ko‘p hangomalar bo‘lib o‘tadi. Olimtoy har qancha tushuntirishga harakat qilmasin, Qo‘chqorvoy robotning robotligiga mohiyatan hech tushunolmaydi. Shuning uchun bu temirga uylanmoqchi bo‘ladi, hatto nikoh ham o‘qitadi(!)

Alomatxon ismli robot bir muddat Qo‘chqorvoyning uyida “xotin”lik vazifalarini bajarib yuradi: supur-sidir, pishir-kuydir, mol-qo‘yga qarash, kir-chirni yuvish kabi. Nihoyat, sinovga olib chiqilgach, ya’ni paxta maydoniga borib paxta tergach Alomatxon tutab ketadi va butunlay ishdan chiqadi.

Robot bilan bir muddat yashagan Qo‘chqarvoy bu orada ko‘p narsaga tushunib yetadi. Oz bo‘lsa-da o‘zgaradi. Xotini ham qaytib keladi va ilgarigidek yashab ketishadi.

Tahlil: Asarning kulminatsiya qismi Alomatxonning Qo‘chqorvoyni gipnoz qilish jarayonida yashiringan:

“ALOMAT: Yig‘laysiz... (Qo‘llarini uning boshi uzra harakatlantirib.) Yig‘laysiz... Chunki juda ezilgansiz... Yuragingizga qil ham sig‘maydi... Ich-ichingizdan bir nima toshib kelyapti... Hech kimning rahmi kelmaydi, birov dardingizga sherik ham bo‘lmaydi... O‘z yog‘ingizga o‘zingiz qovurilib yashayapsiz... Aft-angoringizga bir qarang, qirqqa kirgan qirchillama yigitsiz-u, ko‘rgan odam sizni ellikdan oshgan, deb o‘ylaydi.

Qurib-qaqshab boryapsiz... Esingizni tanibsizki, tinmay mehnat qilasiz, lekin hech biringiz ikki bo‘lmaydi. Ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishi, deysiz, afsuski, bu tashvishlarning cheki yo‘q. Ertalabdan-kechgacha chumoliday g‘imir-g‘imir qilasiz-u, rohatini ko‘rmaysiz. «Paxtakorman» deb ko‘kragingizga mushtlaysiz-u, ko‘rpangizga paxta topolmaysiz!

Kiyib olgan kiyimingizni qarang, yengil sanoat yetishtirayotgan hamma brak mahsulot siz va sizga o‘xshaganlarga nasib qiladi. Manavi nima? Shu issiqda kim neylon ko‘ylak kiyadi?

QO‘ChQOR: Magazinga kelgan ekan, arzongina deb...

ALOMAT: Bu dunyoga kelib nima ko‘rdingiz, Qo‘chqor aka? «Ikki marta Toshkentga borganman» deb maqtanasiz, odamlar «Oq dengiz-u Qora dengiz» qilib yurishibdi! «Ha endi, ular boshqacha odamlar-da» deysiz. Qanaqa boshqacha? Nimasi boshqacha? Nahotki, oddiygina insoniy g‘urur bo‘lmasa?! Shu darajaga yetgansizki, bora-bora undaylarga havas ham qilmay qo‘ygansiz! Havas qilaverib, orzu qilaverib charchagansiz, holdan toygansiz!

Qadr-qimmat-chi? Men odam emasman, lekin shularni o‘ylayverib-o‘ylayverib, ichimdagi murvatlarim qizib ketyapti! Menchalik ham emasmisiz, Qo‘chqor aka?! Biron tirik jon siz bilan hisoblashadimi? Birovga gapingiz o‘tadimi? «Shudgorni boshla» desa boshlayverasiz. «Hali yer qurimagan, loy-ku» deyolmaysiz! To‘y-ma’rakalarda poygakda o‘tirasiz! «Ulug‘larga» tayyorlangan dasturxonga yaqinlasholmaysiz! Joyingizni bilib o‘tirishga majbursiz, chunki «mehnatkash» degan mansab bilan to‘rga chiqolmasligingizni yaxshi bilasiz!

Shlyapa kiyib, galstuk taqqan ketmondasta ham sizni haqoratlashi, tahqirlashi mumkin! Alam qilmaydimi?

QO‘ChQOR: ha, endi, rahbar bo‘lganidan keyin koyiydi-da...

ALOMAT: bayram kunlari rayondagi namoyishdan bayroqcha ko‘tarib o‘tganingizga xursand bo‘lib yuraverasiz! Majlislarda qo‘l ko‘tarish-u chapak chalishni bilasiz, boshqa hech baloni hal qilmaysiz! Ko‘pincha o‘sha majlisda nima hal bo‘layotganini ham tushunmaysiz!

Endi bor umidingiz bolalaringizdan, ularni o‘qitib «katta odam» qilmoqchisiz. Lekin ularingizdan «katta odam» chiqmaydi. Qishin-yozin daladan beri kelmaydigan, chalasavod bolalardan hech balo chiqmasligini bilasiz. Farzandlaringizning o‘zingizga o‘xshamasligini istaysiz, demak, o‘zingizning kimligingizni ham bilasiz! Aqlingiz yetadi! Lekin yana «ko‘pga kelgan to‘y» deb yuraverasiz! Axir, umr o‘tib ketyapti-ku, Qo‘chqor aka!

QO‘ChQOR: (ko‘ngli to‘lib). Baribir yig‘lamayman!.. Yaxshi yashayapmiz, bildingizmi!..

ALOMAT: yig‘laysiz... Ana, ko‘nglingiz to‘lib turibdi... Labingizni tishlamang, Qo‘chqor aka, foydasi yo‘q. Axir, yosh ko‘zdan chiqadi, og‘izdanmas...

QO‘ChQOR: (yig‘lagudek bo‘lib). Birov sizga hayotidan noliyaptimi?!

ALOMAT: hamma gap shunda-da — nolimaysiz. Ko‘nikib ketgansiz. Yaralar toshga aylangan — og‘riq sezmaydi. Dod solib baqirish-ku qo‘lingizdan kelmas, hechqursa ingrab qo‘yishga ham qodir emasmisiz, Qo‘chqor aka? «Hayot deganlari shunaqa bo‘lar ekan» deb umringizni o‘tkazyapsiz. Qalbingizning unut bo‘lib ketgan, o‘zingiz ham bilmaydigan allaqaysi burchaklarida miltillayotgan ushoqqina norozilikdan qo‘rqasiz, uyalasiz, uni sezmaslikka olasiz! To‘g‘ri, qadr-qimmatingiz oshkora haqoratlanganida o‘sha miltillayotgan cho‘g‘ alanga olganday bo‘ladi va siz uni aroq bilan o‘chirishga urinasiz. Dunyoga shirakayf ko‘zlar bilan qarab taskin topasiz, bir qadar yupanasiz ham.

Lekin ertasi kuni kayfingiz tarqab, dunyo yana asl holiga qaytadi! Shunda o‘zingizni qo‘yarga joy topolmaysiz, hadsiz-hududsiz olamda mushtdekkina jussangizni qo‘ygani joy yo‘q! So‘ng yig‘lamoqdan o‘zga chorangiz qolmaydi va o‘ksib-o‘ksib yig‘laysiz...

QO‘ChQOR: (ko‘zlarida yosh o‘ynab) yol-g‘o-on!.. Men hech qachon yig‘lamaganman!..

ALOMAT: yig‘lagansiz. Faqat ko‘zingizning narigi tomoni bilan yig‘lagansiz. Ko‘z yoshlaringiz tashqariga emas, ichingizga oqqan. Mana, mening ichim to‘la temir-tersak, sizning vujudingiz esa faqat va faqat ko‘z yoshidan iborat. Lim-lim yosh...

QO‘ChQOR: (baralla yig‘lab yuboradi, sapchib turib oyog‘i ostidagi qutini zarb bilan tepadi). E, padariga la’nat hammasining!!!”

Muallif xalqning hamma dardini, dod-fig‘onini, achchiq alamlarini aynan shu gipnozda ko‘tarib chiqadi. Kitobxon o‘yga toladi: Aslida robot kim? Alomatxonmi yoki Qo‘chqorvoy va unga o‘xshagan mehnatkashlarmi? Axir ishla desa ishlaydigan, paxta konida turib o‘ziga paxta topilmaydigan va bu uchun lom-mim deyolmaydigan, haq-huquqini talab qilolmaydigan kimsalarning robotdan nima farqi qoladi?

Tuzumdan, jamiyatdan noroziligini ushoqcha bo‘lsin bildirolmaydigan, “sen yaxshi yashayapsan” desa, “men yaxshi yashayapman ekan” deb ketaveradigan, tepadan qanday siyosat kelsa, shunga og‘ishib ketaveradigan xalqning robotdan nima bo‘lakcha xususiyati, fazilati bor?

Alomatxonga turli kassetalar o‘rnatiladi va shunga qarab uning fe’l-atvori belgilanadi. Biri qo‘yilsa, qarg‘ovchi johil, birida “o‘yin-kulgi” qiladigan, birida zo‘ravon, birida muloyim ayol obrazlariga kirishadi. Yana bitta kasseta bor ediki, u hali sinovdan o‘tkazilmagandi. Agar o‘sha qo‘yilsa, robot o‘ylay boshlardi. Natijada, o‘z haq-huquqlarini talab qilishni boshlashi mumkin edi. Olimtoy shundan qo‘rqib bu kasseta qo‘yilishini Qo‘chqorvoyga taqiqlaydi.

Bu bilan muallif nima demoqchi? Ko‘p yillar mobaynida “tepadagilar” millatning o‘y-fikrini, dunyoqarashini, mafkurasini ayni shu kassetalar singari boshqarib keldi. O‘zlari xalq timsolida qanday obraz istasa, o‘sha obrazli kassetani millat ongiga joylashtirdi. Lekin zinhor va zinhor “haq-huquqni talab qilishga” chorlovchi kassetani o‘zlari ham qo‘ymadi, boshqalar qo‘yishiga ham yo‘l bermadi. Bu ularning manfaatiga zid edi. Axir, ularga aytganni qiladigan, qursoqlari uchun xizmat qiladigan tayyor robotlar jamlanmasi kerak edi.

Alomatxon tutab ketgach Olimtoy jahl bilan Qo‘chqorvoyga tanbeh beradi. Alomatning yo‘q bo‘lishida Qo‘chqorvoyni aybdor qiladi.

OLIMJON: ertalabdan kechgacha tinmadi-ya! Bir minut dam olgani yo‘q, bechora, bir minut! Yuv, tozala, tik, yama, supur! Bir chaqirim naridan suv olib kelib, kir yuvadi! Manavi tezak yoqiladigan la’nati o‘chog‘ingizda ovqat qiladi! Yeb to‘ymaydigan ochofat mollaringiz bor: ertalabdan kechgacha o‘t ber, yem ber, suv ber! Xamir qoradi, sigir sog‘adi, kuvi pishiradi! E, bu uyingizning ishi tugaydimi o‘zi, yo‘qmi?!

Bundan tashqari, dalaga chiqadi! Ming chanoqqa ming egilib paxta teradi! Qirq-ellik kilo narsani ko‘tarib, xirmonga olib boradi! Axir, bu do‘zax azoblariga qanday dosh bersin, qandoq chidasin?! (Mehr bilan.) Axir, u temir-ku, Qo‘chqor aka, temir!.. Uni avaylash kerak, ehtiyot qilish kerak!.. U o‘zini o‘ylamaydi, qiynalib ketdim, deydigan tili yo‘q. Indamas ekan, deb eshakday ishlataverish kerakmi, axir?! «Paq» etib joni chiqib ketguncha ezaverish kerakmi?! Yo‘-o‘q, siz yuragi tosh odamsiz, Qo‘chqor aka!

QO‘ChQOR: tavba... Alomatga biron bir ortiqcha yumush buyurgan bo‘lsam, til tortmay o‘lay... Nima ish qilib qo‘yibdi?.. Hali qatorlashtirib yetti-sakkizta bolani tug‘ib qo‘ygani yo‘q, kechalari uxlamay beshik quchoqlab chiqqani yo‘q, har bolasi bilan ming bor kasal bo‘lib, ming bor sog‘ayganiyam yo‘q... Axir u bitta o‘zbek ayoli qiladigan ishning yarmini qildi, xolos-ku!.. Qanaqasiga men o‘ldirgan bo‘lay?..”

Mana shu dialog zamirida o‘zbek ayolining haqiqiy xarakteri, jafokashligi ko‘rinadi. Shuncha yumush, shuncha tashvishni birgina nozik hilqat, nihol qomat egasi bo‘lmish ayol qiladi. Ya’ni o‘zbek ayoli. Qaysi millatda o‘ntadan oshiq tuqqan ayollar ko‘pligini eshitgansiz? Qaysi millat zaifalari shuncha ishni “g‘iq” demay bajaradi? Ayolni zaifa deymiz-u, lekin unga shuncha mashaqqat yuklaymiz. O‘zbek ayoli shuncha yumushdan ortib, erining o‘dag‘aylashini, qaynonasining g‘imir-simirini, bolasining g‘ingshishini, qo‘shnilarining pichir-pichirini ko‘tarishi kerak. Shunday katta, metn iroda sohibasi ayol.

Agar ozgina noligudek bo‘lsa noshukrga chiqadi, haqqini talab qilaman desa, “tili chiqib qolgan” bo‘ladi. Ortiqcha dam olgudek bo‘lsa “tanbal kelin” degan nom oladi. Unda ham ko‘ngil borligi, asablari charchashi, jismi zaiflashishi, kayfiyatsiz bo‘lishi hisobga olinmaydi. Hatto temir yaramay, tutab ketgan mehnatlarga o‘zbek ayoli yonmasligi, doim xizmatga shay, “labbay” deb turishi, har hunarni qoyillatishi, yegan nonini oqlab qo‘yishi, qo‘ydek yuvosh bo‘lishi kerak. Bunday onadan qanday farzandlar yetishib chiqishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

Albatta, yuvoshgina, nima deyilsa, “xo‘p” deydigan, noroziligini bildirishga botinmaydigan, hayotidan nolimaydigan, ammo kun ko‘rmaydigan Qo‘chqorlar yetishib chiqadi. Biz ayollarimizni qadrlamas, ularning zaifaligini hisobga olmas, yelkasidagi yukni ko‘tarishiga yordam bermas va ma’nan qo‘llamas ekanmiz, kelajagimiz buyuk bo‘lishiga umid ham qilmasak bo‘laveradi. Farzandlarimiz qachon bizdan ko‘ra baxtli bo‘loladi, qachonki ayollarimiz baxtli bo‘lsa. Bola onasining ko‘zida so‘ngsiz charchoq, mungni emas, baxtni, kelajakka umidni ko‘rsagina o‘zini baxtli his qiladi.

Komediya bo‘lgan, aslida o‘zida tragediyani aks ettirgan “Temir xotin” dramasidan mening anglaganlarim shular bo‘ldi... 

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzuga oid