Tarmoqlarda yangi vahima: Zombi virus – bu feyk
O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda zombi virus tarqalgani va uni yuqtirib olganlar poyezdlarda odamlarga hujum qilayotgani haqida videolar tarqaldi. Kun.uz navbatdagi vahimali feyk qayerdan paydo bo‘lgani bilan qiziqdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan zombi virus vahimasiga oid videolar ko‘plab foydalanuvchilarni tashvishga soldi.
Avvaliga boshqa davlatlarda tarqatilgan zombi virus vahimasi, O‘zbekistondagi Telegram-kanallarga ham yetib keldi.
Lekin bu xabarlar – yolg‘on. Tarmoqlarda tarqatilayotgan kadrlar 2022 yil avgust-sentabr oyida Indoneziyada tashkil qilingan “Apokalipsisga poyezd” nomli shou dasturidan olingan.
Gap shundaki, tirbandliklar va shaharning ifloslanishi – Indoneziya poytaxti Jakartaning og‘riqli muammosidir. Tadbir tashkilotchilari “Apokalipsisga poyezd” shousini yoshlarni jamoat transportiga qiziqtirish uchun tashkil qilishgan. Tadbirda zombi rolini ijro etgan aktyorlar jamoasi oq ko‘zlari, qonga bo‘yalgan yuzlari bilan, oyoqlarini zombilar kabi sudrab qo‘rqitishadi. O‘yinchoq miltiq ko‘targan harbiylar go‘yoki “omon qolgan” yo‘lovchilarni xavfsiz joyga ko‘chiradi.
Dastur tashkilotchisi Billi Juniorning so‘zlariga ko‘ra, “Apokalipsisga poyezd” Indoneziyadagi “zombi poyezdda sayohat qilish” tajribasini taklif qiladigan birinchi teatrlashtirilgan konsepsiyadir. Zombilar qurshovidagi qo‘rqinchli muhit yoshlarga jamoat transportida cheksiz adrenalindan bahramand bo‘lishiga yordam beradi.
Shouda ishtirok etish narxi 4,7 dollar etib belgilangan.
Jakarta rasmiylari ham “Reuters” nashriga ijtimoiy tarmoqlardagi videolar shoudan olinganini tasdiqlagan.
Tadbir tashkilotchisi “Pandora Box” Instagram'dagi sahifasida reklama hamda shoudan bir nechta videolarni joylashtirgan.
Aytish kerakki, tashkilotchilar tadbir g‘oyasini Janubiy Koreyaning mashhur “Pusanga poyezd” filmidan olgan. Filmda zombilar bosib ketgan yo‘lovchi poyezdi tasvirlangan.
Agar tarmoqlarda tarqalayotgan videolarga ahamiyat berilsa, feyk xabar tarqatuvchilar xorijiy ommaviy axborot vositalari ham zombi virus tarqalgani haqida ma’lumot berayotganini aytishgan. Biroq bu ham noto‘g‘ri.
AQShning CNN telekanali saytida 2023 yil 8 mart kuni e’lon qilingan maqolada aytilishicha, olimlar abadiy muzliklarda 48,5 ming yil davomida muzlagan holatda bo‘lgan zombi virusini jonlantirgan. Lekin jonlantirilgan virus xavfli emas, chunki u odamlar yoki hayvonlarga emas, faqat bir hujayrali amyobalargagina ta’sir qila oladi. Fransuz olimi Jan-Mishel Klaveri xavfsizlikni o‘ylab, jonlantirish uchun xavfli bo‘lmagan virusni tanlagan.
Qadimiy virusni jonlantirishdan maqsad – ularni o‘rganish va kutilmagan xavflarga tayyor turish. Chunki, iqlim o‘zgarishi abadiy muzliklarga jiddiy ta’sir qilyapti. Ayniqsa, Arktikada havo harorati dunyoning boshqa joylariga qaraganda 4 barobar tezroq isiyapti. Bu esa muzliklar erishi oqibatida qadimiy viruslarning uyg‘onishi ehtimolini keltirib chiqaradi. Olimlar bunday viruslarni o‘rganish orqali ular qanchalik xavfli yoki xavfsiz ekanini aniqlashga harakat qilishyapti.
Qisqa qilib aytganda, asrlar davomida muzlagan holda qolayotgan viruslar qayta tirilishi mumkinmi, agar tirilgan taqdirda kasallik keltirib chiqara oladimi – bu savollar hali ochiq turibdi. Lekin shunisi aniqki, zombi virus tarqalib ketishi tufayli og‘ir oqibatlar kuzatilayotgani haqidagi xabarlar feykdan boshqa narsa emas.
Madina Ochilova tayyorladi.
Operator va montajchi – Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
17:59 / 25.12.2024
Iqlim o‘zgarishi zilzilalar sonini oshirishi mumkin
18:11 / 11.12.2024
Avstraliyadagi laboratoriyada o‘limga olib keluvchi viruslar solingan yuzlab flakonlar yo‘qoldi
22:05 / 04.12.2024
Olimlar Arktikadagi dengiz muzlari qachon butunlay erib ketishini hisoblab chiqdi
23:46 / 02.12.2024