Jamiyat | 21:06 / 11.04.2023
14675
2 daqiqa o‘qiladi

JOKU binosidagi yoriqlar yuqori xavf darajasiga ega emas – vazirlik

Jurnalistika universitetidagi binolardan biri «darz ketgani» haqida xabarlar yuzasidan mas’ullar binodagi yoriqlar 45 yildan beri rekonstruksiya qilinmagan eski bino va o‘tish yo‘lagi oralig‘ida hosil bo‘lganini ma’lum qildi. Ikki bino o‘rtasidagi maxsus chok yillar davomida tashqi omillar sabab shu holatga kelib qolgan.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetidagi binolardan birida yoriqlar yuzaga kelgani haqidagi xabarlar yuzasidan vaziyatni o‘rgangan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Yunusobod tumani Qiyot ko‘chasida joylashgan universitet binosidagi holat Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, yoriqlar universitetning eski mavjud binosi hamda o‘tish yo‘lagi oralig‘ida hosil bo‘lgan. Ikki bino o‘rtasidagi maxsus chok («temperaturniy shov») yillar davomida tashqi omillar ta’sirida shu holatga kelgan. Yoriqlar binoning g‘isht devorida emasligi va ular yuqori xavf darajasidamasligi aniqlangan, shuningdek, o‘rganishlar davomida binoning poydevori ham tekshirilgan. Bino poydevorida cho‘kish alomatlari yo‘qligi qayd etilgan.

«Eski mavjud bino 1978 yilda loyihalashtirilgan va shu kunga qadar unda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmagan. Alohida ta’kidlash o‘rinliki, yoriqlar bilan bog‘liq holatning 2019 yil Investitsiya dasturi asosida qurib, foydalanishga topshirilgan universitetning yangi binolariga umuman aloqasi yo‘q», – deyiladi vazirlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq holat yuzasidan universitet rahbariyati rasmiy izohida 2 smli yoriq oliygohning yangi binosini qurish vaqtida yuzaga kelganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid