Jahon | 07:43 / 15.04.2023
4875
2 daqiqa o‘qiladi

Kapitoliyga hujum: hodisa ishtirokchisi 7 yilga qamaldi

Kapitoliyga hujumda qatnashgan Patrik Makkoy III yetti yil-u olti oyga qamoq jazosiga hukm qilindi, u politsiyachilardan birining plastik qalqonini tortib olib, ikkinchisiga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llagan.

Foto: AP

AQSh okrug sudyasi Trevor Makfadden Kapitoliyga hujum qilgan Patrik Makkoy III'ni yetti yil-u olti oyga ozodlikdan mahrum qildi, so‘ngra u ikki yillik nazorat ostida ozodlikka chiqariladi. Hukm 14 aprel, juma kuni e’lon qilindi.

Makkoy ofitserlardan birining plastik qalqonini yulib olib, undan zobitni orqaga surish uchun foydalangan. AP epizodni 2021 yil 6 yanvardagi hujumning eng zo‘ravon holatlaridan biri deb atadi. The Washington Post nashri tarqatgan kadrlarda huquq-tartibot idoralari xodimlaridan biri og‘riqdan qichqirayotganini ko‘rish mumkin.

Federal prokurorlar 15 yil-u 8 oylik qamoq jazosini tavsiya qildi, bu Kapitoliy tepaligidagi tartibsizlik ishi bo‘yicha eng uzun muddat bo‘ladi.

«Sizning qilmishlaringiz o‘sha qora kunda sodir etilgan eng dahshatli jinoyatlardan biridir», dedi sudya. Ayblanuvchining o‘zi ham o‘zini «fuqarodek emas, balki hayvondek tutganini» tan oldi.

2022 yil 22 dekabrda AQSh Vakillar palatasining maxsus qo‘mitasi 1000 dan ortiq guvohlar bilan so‘rov, 10 ta eshituv o‘tkazib, millionlab varaqli hujjatlarni o‘rganib chiqqanidan so‘ng 814 betdan iborat hisobot chiqargan holda 18 oylik tergovni yakunladi.

Mavzuga oid