Jamiyat | 11:18 / 16.04.2023
37741
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekning asl tabiatini asrab qolishimiz lozim” – Murod Rajabov

Jurnalist Yulduz Fayziy YouTube kanalida O‘zbekiston xalq artisti marhum Murod Rajabovga bag‘ishlangan “Uyga qaytib…” ko‘rsatuvi bilan bo‘lishdi. Ko‘rsatuv bundan 5 yil oldin tasvirga olinib, “Madaniyat va ma’rifat” kanalida efirga uzatilgan. Kun.uz ko‘rsatuvda Murod Rajabov tilidan yangragan iqtiboslarni jamladi.

“Odamlar juda mehr-oqibatli edi”

Bolaligimda 5-6 ta uyning farzandi edim. Bir kuni u uyda, bir kun bu uyda yotib qolaverardim. Bizning uy ham juda gavjum uy edi. Buvimning, onamning eng yaxshi ko‘rgani odamlar edi, har kuni mehmon bo‘lardi uyimizda. O‘sha davr odamlari judayam mehr-oqibatli bo‘lgan ekan, eslasam.

Televizorlar birinchi chiqqan paytlarda bizning uyda bo‘lardi. O‘rtoqlarim bilan, qo‘shni bolalar bilan ko‘rib o‘tirardik, uy kinoteatr bo‘lib ketardi. Kechqurun bolalar uxlab qolsa, buvim ustiga biror narsa yopib qo‘yib, bolalar tarqagach, onam, otam yoki buvimning o‘zi uyg‘otmay, sekin ko‘tarib uyiga tashlab kelardi... Har bir davrning o‘z odamlari, nafasi bo‘lar ekan.

“Umr oqar suv o‘tib ketarkan...”

Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchunmi, buvim anhorga cho‘milishga borishimga ruxsat bermasdi. Shuning uchun suzishni o‘rganolmaganman. «Ajoyib xayolparast» filmida suv bo‘yida aytadigan monologdan keyin suvga tashlash kerak edi. Rejissyorga suzishni bilmayman, deb aytganman. Keyin O‘tkir aka degan direktorimizni kamerani orqa tarafdan olib, suvga kalla tashlash sahnasini olganmiz. Men esa xuddi suv tagidan chiqqandek boshimni chiqarib turganman. Keyin 30 yoshlarimda o‘rganganman suzishni. Umr qiziq ekan. Mana shu oqar suv o‘tib ketarkan, shu suvlar hammasini olib ketdi...

Yuzdan ortiq filmlarim premerasi Panorama kinoteatrida bo‘lgan. Bu joy men uchun juda qadrdon. 1975 yildan beri filmlarim ekranda. Premera — kinoijodkorlar uchun baxt, hayotdagi eng quvonchli kunlardan biri. Har bir rejissyor, aktyor butun umr mana shu kun uchun ishlaydi. Kasbim ortidan dunyo kezdim.

“Teatr — men uchun muqaddas joy”

Chustdagi «Temir xotin» filmi olingan qishloqqa bordim yaqinda. Qo‘chqorning hovlisi sifatida olingan hovliga kirar ekanman, xuddi o‘z uyimga borganday bo‘ldim. O‘sha paytlar bir onaxon bo‘lardi, olamdan o‘tib ketibdi. Juda ko‘p narsalar o‘zgarib ketgan ekan, lekin baribir qadrdon. Har bir film, ijro etilgan rol o‘z davrini aks ettiradi.

San’at institutini bitirmasdan, uchinchi kursda o‘qiyotganimda Abror Hidoyatov nomidagi teatrga ishga kelganman. 1976 yilda Baxtiyor Ixtiyorov teatrga badiiy rahbar bo‘lib kelgandi. Bir yil o‘tib Hoshim Arslonov, Matyoquv Matjonovlar kelgan edi jamoaga. 10 yil birga ishlab qadrdon bo‘lib qolgan u yerdagilar. Lekin teatrda qolib ketgan armonlarim bor. Teatr — men uchun muqaddas joy.

Birinchi eng katta rollarimdan biri «Birinchi bo‘sa» spektaklida bo‘lgan edi. Shu bitta spektakl butun umr men uchun maktab bo‘lgan. Bitta monolog uchun bir hafta ishlaganmiz. O‘sha spektaklga Abdulla Oripovning «Birinchi muhabbatim» she’rini kiritganmiz. Spektakl shu she’r bilan tugardi... Hammaning ko‘zida yosh bo‘lardi, bu — biz uchun baxt.

“Zamonlarni ulab turgan iplar uzildi”

Bolalarimga doim aytaman: «Odam qayerda bo‘lmasin, doim odam bo‘lib qolishi kerak. Unda vijdon degan narsa bor. Shuni unutmaslik lozim!»

Shekspirning «Hamlet» asarida bir gap bor: «Zamonlarni ulab turgan iplar uzildi, o‘sha iplarni bog‘lash — mening vazifam». Bu gaplarga boshida tushunmaganman. Keyin bir ustozim tushuntirib bergan.

Bizdagi fazilatlar ota-bobolardan o‘tgan. Bizdagi fazilatlar esa farzandlarimizga o‘tishi kerak. Shuning uchun biz bobolardan qolgan o‘zbekning asl tabiatini asrab qolishimiz lozim.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalq artisti, taniqli aktyor, o‘zbek kino xazinasidan joy olgan bir qator filmlardagi rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan Murod Rajabov 8 aprel kuni uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 74 yoshida vafot etdi.

Kun.uz jurnalisti Maqsuda Abduqayumova san’atkorning vafotidan uch oy muqaddam undan intervyu olgan, intervyu davomida Murod Rajabovning bugungi ahvoli, teatr va kinoda ijro etgan rollari, ijoddan ketishi sabablari, “qora ro‘yxat”ga tushishi va kelgusi rejalari haqida so‘z borgandi.

Mavzuga oid